Jahon | 14:56 / 13.11.2016
3939
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova va Bolgariyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda 

Foto: Sputnik

13 noyabrda Moldovada prezidentlik saylovlarining 2-turi bo‘lib o‘tmoqda. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 7:00da ochildi va 21.00gacha faoliyat ko‘rsatadi.

Davlat rahbari lavozimiga Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi Sotsialistlar partiyasi nomzodi Igor Dodon va Yevropani qo‘llab-quvvatlovchi partiyalardan yagona nomzod Mayya Sandu kurashmoqda. Ular saylovlarning 1-turida 9 nomzod ichidan eng ko‘p ovoz yig‘ishga muvaffaq bo‘lishgan.

2-turda saylovchilarning minimal ishtirok etishi chegarasi yo‘q, saylovlar ularda ishtirok etgan saylovchilarning sonidan qat'i nazar bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod g‘olib bo‘ladi.

Bundan tashqari, Bolgariyada ham prezidentlik saylovlarining 2-turi bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerda ham saylov uchastkalari 7:00da ochilib, 21:00da yopiladi. 

Byulletenlarga ikki nomzod – Bolgar sotsialistik partiyasi tashabbus qo‘mitasi tomonidan ilgari surilgan Rumen Radev va "Fuqarolar Bolgariyaning yevropacha rivojlanishi uchun" hukmron partiyasi nomzodi Tsetska Tsacheva nomi kiritilgan. Shu bilan birga, saylovchilar vitse-prezidentni ham tanlashadi.

Mamlakatda 12 mingdan ko‘proq saylov uchastkalari ochilgan, ovoz berish huquqiga 6,8 mln kishi ega.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid