Jahon | 12:26 / 09.12.2016
21788
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya parlamenti prezidentga impichment qo‘lladi

Janubiy Koreya parlamenti mamlakat prezidenti Pak Kin Xenga impichment qo‘llash uchun ovoz berdi.

Time nashri xabariga ko‘ra, prezidentni iste'foga jo‘natish taklifini parlamentariyning 234 nafari qo‘llab-quvvatladi.

Impichment amalga oshishi uchun 300 deputatdan 200 nafari ovoz berishi lozim edi.

Endilikda mamlakat oliy sudi 180 kun ichida Pak Kin Xening lavozimni tark etish-etmaslik masalasini uzil-kesil hal qilishi lozim bo‘ladi.

Uning vazifasini vaqtinchalikka bosh vazir bajarib turadi.

Bu Janubiy Koreya tarixida ikkinchi shunday siyosiy voqelik bo‘ldi. Mamlakat parlamenti 2004 yilda Demokratik kuchlar vakili No Mu Xyonni prezidentlikdan chetlatishga qaror qilgan edi. Mahalliy nashrning yozishicha, Pak Kin Xe o‘shanda deputat sifatida impichment uchun ovoz bergan. 

Eslatib o‘tamiz, prezidentning dugonasi, uning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etgan Kxve Sun Sil tanishlari va mansabini suiiste'mol qilgan holda tijoratchilardan pul undirgani ma'lum bo‘lganidan so‘ng, Janubiy Koreyada yuzaga kelgan siyosiy mojaro prezident impichmenti haqidagi masalaning kun tartibiga qo‘yilishiga olib kelgandi.

Mavzuga oid