Jamiyat | 20:44 / 15.12.2016
52710
5 daqiqa o‘qiladi

Fotojarayon: Andijoncha oshning kishi bilmas sirlari

Foto: Kun.uz

Ildizlari moziyning tiniq buloqlaridan suv ichgan xalqimning dunyoga ko‘z-ko‘z qilgudek qadriyatlari bisyor. O‘zbek palovi madaniyati va an'analari YuNeSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham bunga yaqqol misoldir. Darhaqiqat, palov – o‘zbek oshxonasining gultoji hisoblanadi. Xalqimizda uni bejiz erkalab “palovxonto‘ra”, deya atamaydilar. Xonadonga kelgan eng aziz mehmon to‘rga o‘tqazilib, albatta, palov bilan siylanadi. Uning “Toshkentcha palov”, “Samarqandcha palov”, “Shodibek palov” singari barcha viloyatlarimizda o‘ziga xos tarzda tayyorlanadigan 30dan ziyod turi mavjud.

Uning yana bir nomi – osh. Palovni maromiga yetkazib pishiradigan mahoratli oshpazlar yurtda alohida hurmatga sazovor kishi sifatida qadrlanadilar. “Taom tayyorlash – ilmga asoslangan bir san'atdir”, degan edi milliy taomlarimiz haqida eng ko‘p kitob bitgan olim - Karim Mahmudov. Darhaqiqat, palovxonto‘ra masalliqdan to taom bo‘lguncha qovurilib, qaynatilib so‘ngra dimlanib, murakkab texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Shunday ekan, palovni mazali qilib tayyorlash pazandadan alohida malaka talab qilishi tayin. 

Bugun biz tanishtirishni maqsad qilgan “Andijoncha palov” dunyoga dong‘i ketgan osh turlaridan biri bo‘lib, Asakadagi “Cho‘ntak”, Andijon shahridagi “Behizor”, “Sharshara,” “Tabassum”, “Doniyor”, va Paxtaoboddagi “Otalar” choyxonalarida pishirilgan oshdan tanovul qilgan mehmonlar: “Andijoncha oshni yemabsiz, bu dunyoga kelmabsiz”, deya ta'rif berishi ham bor gap.

Asosan qo‘y go‘shti bilan va qo‘y yog‘ida qovurib tayyorlangani sababli Andijoncha palov g‘oyat issiqlik taom hisoblanadi. 

Oltinko‘lning fayzli “Ashurali ota” choyxonasida palovni qanday tayyorlanishi haqida fotomaqola tayyorlashni maqsad qildik. Qani, palov pishirish jarayoniga marhamat!

1- surat: Masalliq: Devzira guruch, qo‘y go‘shti, qo‘y yog‘i, piyoz, sabzi, zira, qalampir va sarimsoq piyoz.

2- surat: Oshpaz yigit Xojiakbarning taklifi bilan o‘choqboshiga yo‘l      olamiz

3. Qozonboshida oshni boshlash uchun hamma masalliqlar tayyor.

4. Qozonni quruq qizdirgandan so‘ng dumba yog‘i solinadi. 

5. O‘rtacha olov berib eritib, jizzasi olinadi.

6. Jizzaga piyoz va ko‘katlar bilan bezak beriladi.

7. Oltinrang jizza ishtahani qo‘zg‘ab, dasturxonga tortiladi.

8. Qozonga piyoz solinishining ayni vaqti.

9. Endi navbat go‘shtga. 

10. Go‘shtning sirti qobiq olguncha kavlanishi kerak.

11. Sabzi tashlanib, mo‘rtligi yo‘qolguncha qovuriladi.

12. Suv qo‘yish vaqti ham yetib keldi. 

13. Sust olovda mildiratib qaynatish jarayoni.

14. Palov zirvagi me'yoriga yetib qaynagach, navbat guruch solishga yetib keldi. 

15. O‘choqdagi o‘tni pasaytirib, guruchga suv qo‘yiladi. Bu juda ma'suliyatli palla bo‘lib, pazandadan guruchning qancha suv ko‘tarishini his eta bilish talab qilinadi. 

16. Alanga kuchayganida palovning bir tekis qaynashiga erishish zarur.

17. Suvi tortilganidan so‘ng guruch qozon o‘rtasiga gumbaz qilib to‘planadi.

18. Palov ustiga damtovoq yopiladi.

19. Aziz mehmonlar palovni tayyor bo‘lishi kutib, gurung qilib o‘tiribdilar.

20. Mana damtovoq ham olindi.

21. So‘ng palov yaxshilab aralashtiriladi.

22. Tayyor taomni sopol tovoqqa ham solib bo‘ldik.

23. Endi uni mehmonlar dasturxoniga tortamiz.

24. Qani, palovdan oling!

Ushbu fotomaqolani tayyorlashda yaqindan yordam bergan Andijon viloyati hokimligi, Oltinko‘l tumani hokimligi hamda “Ashurali ota” choyxonasi mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.     

Kun.uz sayti uchun maxsus. Elmurod Ermatov, Andijon.

Mavzuga oid