Jahon | 17:52 / 20.12.2016
5701
1 daqiqa o‘qiladi

Nitstsa shahri hokimi Berlin fojiasini o‘z shahridagi teraktga qiyosladi

Foto: AFP

Fransiyaning Nitstsa shahri hokimi Filipp Pradal Germaniyaning Berlin shahridagi Mavlid yarmarkasida amalga oshirilgan hodisani 14 iyulda o‘z shahrida sodir etilgan qo‘poruvchilik harakati bilan taqqosladi. 

Dushanba, 19 dekabr kuni kechasi yuk avtomobilini boshqargan noma'lum shaxs Berlinning Sharlottenburg tumani Braytshaydplats maydonida tashkil etilgan Mavlid bayrami savdo yarmarkasida odamlarni bosib ketdi. Buning oqibatida, 12 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 48 nafar odam tan jarohati olgan. 

"Aynan o‘sha usuldagi ijro. Ko‘r-ko‘rona zo‘ravonlik", — deb yozgan Pradal Twitter tarmog‘idagi mikroblogida. Nitstsa hokimi, shuningdek, bunday tahdidlarga qarshi kurashishga chaqirgan. 

14 iyul kuni yuk avtomobili haydovchisi Nitstsaning Angliya sohiliga to‘planganlarni o‘zi boshqaruvidagi transport vositasida bosib ketgan edi. Buning oqibatida, 86 kishi halok bo‘lgan, 430dan ortiq odam jabrlangandi. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid