Jahon | 13:12 / 21.12.2016
18546
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yaponiyaga yerlarini qaytarib beradi

Foto: AP

AQSh Yaponiyaning eng janubiy prefekturasi Okinava ma'muriyatiga shu nomdagi orolning bir qismini qaytarib berishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. U yerda amerika harbiy obektlari joylashgan. Okinavadagi amerika kontingentining rasmiy bayonotiga ko‘ra, bunga kerakli bo‘lgan barcha jarayon yakuniga yetkazilgan.

"Okinavadagi mashg‘ulotlar poligonini qisqartirish bizning Yaponiya hukumati va o‘zini-o‘zi mudofaa qilish kuchlari bilan hamkorlikda ish olib borishimizga ta'sir ko‘rsatmaydi", - deya AQShning Okinavadagi kontingenti qo‘mondoni Lourens Nikolsonning so‘zlarini keltiradi Kyodo agentligi. Uning ta'kidlashicha, AQSh kelajakda Yaponiyaga harbiy bazalarni joylashtirishga mo‘ljallangan yerlarni qaytarib berish siyosatini davom ettiradi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qaytariladigan hududlar Kunigami va Xigasi qishloqlari orasidagi to‘rt ming gektarlik yerdan iborat. Bu joylar umumiy maydoni 7,8 ming gektar bo‘lgan shimoliy mashg‘ulot poligoni tarkibiga kiradi.

Hududlarni qaytarish haqidagi bitim 1996 yilda imzolangan, biroq 2002 yilda uni amalga oshirish jarayoni noma'lum muddatga qoldirildi. Hujjatga ko‘ra, Yaponiya shimoliy mashg‘ulot poligonida AQSh qurolli kuchlariga mo‘ljallangan oltita vertolyot maydonchalarini qurib berishi kerak. Ayni damda esa ulardan faqat ikkitasi tayyor, qolgan obektlarni qurish keyingi yilning yozidan boshlanadi.

Ma'lumot uchun, Okinava oroli ustidan nazorat AQShga Ikki jahon urushidan so‘ng o‘tgan. Yaponiya 1972 yilda Okinavani qaytardi, biroq bu janubiy orol AQShning sharqiy Osiyodagi harbiy amaliyotga tayyorgarlik ko‘riladigan maydoni bo‘lib qolaverdi.

Mavzuga oid