Sog‘liqni saqlash tizimi muammolari. 1-qism: Tug‘uruqxona
2017 yilning 8 fevral kuni O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan “Press klub” tashkil etildi. “Xalq salomatligi: muammo va dolzarb vazifalar” mavzusida tashkillashtirilgan uchrashuvda ommaviy axborot vositalari vakillari Bosh vazir o‘rinbosari - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromov, vazirlikning boshqa amaldorlari, tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Ana shu uchrashuvda Adham Ikromov ham tug‘uruqxonalardagi poraxo‘rlik yoki “suyunchi puli” haqida berilgan savolga javob qaytardi. Uning aytishicha, xizmat mutlaqo bepul bo‘lishi lozim.
“Buning natijasini ko‘rish uchun bu yerda ishlaydigan xodimlarga alohida motivatsiya berishimiz kerak. Ularning oyliklarini boshqa tibbiyot xodimlarinikidan 2-3 barobargacha oshirish lozim. Har qanday niyatda berilayotgan va olinayotgan moddiy rag‘bat ham qonunan, ham insoniylik nuqtai nazaridan taqiqlanadi”, dedi vazir.
Yangi urf-odat
Xalqimizda “Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi”, degan naql bor. Yuqorida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tug‘uruqxonalar masalasiga bejiz to‘xtalinmagan. Go‘yoki o‘zbekning yangi urf-odatiga aylangan, qilmasa millat qadriyati oyoqosti bo‘lib qoladigandek tuyuladigan tug‘uruqxonadagi “qistir-qistir”, aniq aytadigan bo‘lsak, poraxo‘rlik anchadan buyon og‘riqli nuqtalarimizdan biri bo‘lib kelmoqda. Nafaqat poraxo‘rlik, balki u yerdagi sharoit, bemorlarning moddiy holatiga qarab muomalada bo‘lish, kabi holatlar zudlik bilan yo‘q qilinishi lozim bo‘lgan illatlardir. Bunga tahririyatimizga kelgan aynan shu mazmundagi maktublar ham guvohlik berib turibdi. Bugun e'tiboringizga, O‘zbekistonning turli chekkalarida aynan tug‘uruqxonalar bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilgan ayrim maktublarni havola etishni lozim topdik.
Yesang ham yemasang ham pul to‘laysan!
“Assalomu alaykum. Sizga tug‘uruqxonalar haqida savol va taklifim bor. Chindan ham tug‘uruqxonalar shifokorlar uchun daromad manbai bo‘lib qoldi. Davolanishga borsangiz ham, tug‘ishga borsangiz ham pul! Ayolni dard tutib turibdi, ammo ular qo‘liga qarashadi. Ayniqsa, kesarcha kesish yo‘li bilan ona bo‘lgan ayollar uchun tug‘uruqxonaga kelish ham bir muammo. Chunki operatsiya uchun falon pul to‘lanadi. Nega bunday holatlar nazorat qilinmaydi? Kim pul to‘lab qo‘ygan bo‘lsa, yaxshi qarashadi, bermaganga qo‘l uchida qarashadi. Tug‘uruqxonalarda yangi ko‘zi yorigan ayollarga berilayotgan ovqatlarni ko‘rganmisiz? Uni uyingizdagi ayolingizga ham ravo ko‘rmaysiz. Taomning na rangi bor va na mazasi. Bolalar shifoxonalaridagi ovqatlar ham nazorat qilinsa, yaxshi bo‘lar edi. Norasida go‘daklarga berilayotgan ovqatning mazasi, kaloriyasi umuman yo‘q. O‘sha taomlarni bemorlarning 90 foizi yemaydi, lekin kasalxonadan ketayotganda, albatta, ovqat pulini to‘lab ketishadi. Palatalar ham achinarli holatda. Ko‘p joylarda tozalikka amal qilinmaydi. Faqatgina xususiy klinika va kasalxonalar talabga javob beradi, desa bo‘ladi. Chunki ularda to‘lov katta miqdorda. Umuman olganda kelajagimiz davomchilariga yaxshiroq ahamiyat qaratilsa, yaxshi bo‘lardi”, deydi Mukambar ismli o‘quvchi.
Yuzga sochib yuborilgan pullar
Sultonov Shuhrat Shukurovich ismli fuqaro quyidagi maktubni havola etgan: “Yaqinda tog‘a bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Farzand har bir xonadonga quvonch olib kiradi, albatta. Pochcham xizmat safarida bo‘lganlari uchun opamning tug‘uruq vaqtida yonida bo‘la olmadilar. Shu sababli tug‘uruqxonaga opamni dardi tutgan vaqtda onamlar olib bordilar. Opamning tug‘uruq vaqti yetib kelib, ko‘zi yoridi. Allohga shukur-ki, bola dunyoga sog‘lom keldi. Bu uchun shifokorlarga minnatdorchilik bildiraman! Lekin onamning gaplari meni o‘ylantirib qo‘ydi. Qiz farzand dunyoga keldi, onam xursand bo‘lganlaridan shifokorga suyunchi beribdilar. Shunda shifokor suyunchi pulini olib, onamga qarab otib yuboribdi: “Bu pulni sanitarkalarga berasiz. Men qizingizni tug‘dirdim”, deb do‘q-po‘pisa qilibdi. Onam bergan suyunchi kamlik qilgan hoynaxoy. Bu gaplarni eshitib, judayam xafa bo‘lib ketdim. Onamlar bir necha kungacha o‘zlariga kela olmadilar. Nahotki inson qadr-qimmati shifokorlar uchun cho‘ntakdan chiqadigan pulni miqdoriga qarab o‘lchansa? Men sizlarga hech narsani isbotlamoqchi emasman. Hozirda mening ham turmush o‘rtog‘im homilador. Ertaga yuqorida aytib o‘tgan noxush voqea nafaqat mening, balki boshqa bir insonlarning boshiga tushishi mumkin-ku. Shunga o‘xshash holatlar yuzaga kelmasligi uchun inson qadr-qimmati hech bir narsa bilan o‘lchanmasligini eslatib qo‘ymoqchiman, xolos”.
Shifokor deydi: “...tug‘ishiga hali bor, uni olib keting”
“6 fevral kuni Namangan viloyati Chortoq tumani markaziy poliknikasidagi tug‘uruqxonada singlimni ko‘zi yoridi... 6 fevral kuni soat birlarda singlim Akparova Nigorani to‘lg‘oq tutib, Chortoq tumaniga olib kelingan. Mahmuda Usmanova ismli shifokorning bilimsizligi va loqaydsizligi tufayli hali tug‘ishiga vaqt bor, deb singlimni qaytarib yuborgan... Singlim uyiga qaytib borgach, og‘riq kuchayib ketib, soat to‘rtlarda yana tug‘uruqxonaga qaytib borgan... Shifokorlarni loqaydsizligi tufayli chaqaloq va onanining hayoti xavf ostida qoldi. Chaqaloq yarim jon bilan tug‘ildi. Chaqaloqqa kislorod ballonini ulash kerak bo‘lib qoldi. Shunday katta markaziy poliklinikada kislorod balloni bitta ekan. Bolalar jonlantirish bo‘limida boshqa bola ahvoli og‘ir holatda bo‘lgani uchun unga ulab qo‘yilgan. Boshqa chaqaloqlar uni kutib turolmaydiku og‘ir ahvolda.. Hozirda chaqaloqning holati yaxshilanib bormoqda, lekin Chortoq tumani markaziy poliklinikasida tug‘uruqxonasida tamagirlik kuchayib ketgan vrachlar va hamshirani "kissasini pul bilan to‘ldirsangizgina” yaxshi qaraydi... Axir hurmatli prezidentimiz xalqning dardi bilan qancha islohotlarni amalga oshirmoqdalar-ku... Shifokorlar va hamshiralar qo‘lingizga qarab turibdi, bezbetlarcha pulni so‘rab olishmoqda... Zora hurmatli prezidentimizni 7 fevralda shifokorlarga aytgan gaplari bu odamlarga ta'sir qilsa”, deyiladi boshqa bir maktubda.
Bir hikmat...
Bolaning dunyoga kelishi Alloh bergan eng ulug‘ ne'mat sharofatidan bo‘ladi. Poklik, beg‘uborlik dunyoga keladi o‘sha lahzalarda. Uning onasi-da ulug‘ maqomda bo‘ladi. Ammo ostonada o‘ljasini poylab o‘tirgan tamagirlar mana shu poklik fitratiga qora chaplashadi. Pora olish, ya'ni harom ishga qo‘l uriladi. Bermasa bo‘lmaydi-da, deguvchilar juda ko‘p. Pul bermasa ona-bolaga hech kim qaramaydi-da, deguvchilar ham juda ko‘p. Ammo endi qonun hamma yerda ustun, deguvchilar ham bor. Ana shundaylar safida bo‘lmoq kerak, zero ular ham yaqinda juda ko‘p bo‘ladi.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz jurnalisti
Mavzuga oid
15:56 / 08.10.2024
Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat
00:22 / 25.12.2022
Adham Ikromov Savdo-sanoat palatasi rayosati raisi lavozimiga tayinlandi
18:57 / 01.12.2022
Amputantlar terma jamoasi a’zolariga avtomobillar berilishi mumkin
13:01 / 23.11.2022