O‘zbekiston | 14:05 / 04.04.2017
35589
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Moskva 16 milliard dollarlik shartnomalarni imzolaydi

Umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan 55 hujjatdan iborat to‘plam, shuningdek iqtisodiy sohasidagi kelishuvlarning imzolanishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifiga bag‘ishlangan. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov hujjatlarning bir qismiga imzo qo‘yish tantanali marosimida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

"Uchrashuvimiz O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga ilk davlat tashrifi arafasida bo‘lib o‘tmoqda. Tashrif O‘zbekiston-Rossiya ko‘p tomonlama hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ladi va o‘zaro harakatlarning yangi istiqbollarini ochadi, - deya aytib o‘tgan u. – Tashrifga siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, harbiy-texnikaviy, migratsiya sohalari, shuningdek mintaqalararo hamkorlik, turizm va sog‘liqni saqlashga oid umumiy qiymati 16 milliard dollar bo‘lgan 55 hujjatdan iborat katta to‘plam tayyorlangan".

Uchinchi aprel kuni esa tomonlar hajmi 3,5 milliard dollardan oshiq bo‘lgan 16ta hujjatni imzolashgan.

Hujjatlar orasida O‘zbekistondagi Tebinbuloq konida titan magnetitli vadaniyga ega rudalarni qazish bo‘yicha loyihani amalga oshirish haqidagi memorandum, «Gazprombank» bilan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish haqida bitim, «Olmaliq KMK» AJ va RIVS YoAJ o‘rtasida mis-boyitish majmuasini qurish bo‘yicha hamkorlik haqida bitim ham bor.

Ramatovning ta'kidlashicha, “bularning bari bizning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarimizni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi”.

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin esa “mamlakatlar korxonalari o‘rtasidagi yangi loyihalar va ularni muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirish Rossiya va O‘zbekiston iqtisodiy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi” deya aytib o‘tdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga ko‘ra 4 va 5 aprel kunlarida Moskvada bo‘ladi. Rossiya rahbariyati bilan uchrashuv va muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli masalalar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilinadi. Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro dolzarb muammolar yuzasidan ham fikr almashadilar.

 

Mavzuga oid