Jamiyat | 22:09 / 01.05.2017
122599
8 daqiqa o‘qiladi

Qo‘li chaqa, yelkasi yara va «tekinxo‘r» o‘qituvchi

Tahririyatga o‘qituvchilarning bugungi kunda qanday darajaga tushirilganini bayoni bo‘yicha yana bir maktub kelib tushdi. Zohidjon ismli muxlis o‘zining kinoyalar bilan to‘ldirilgan nomasiga «Kelinglar, yozgi ta'tilni kuzga ko‘chiraylik...» sarlavhasini qo‘ygan.

Rostdan ham yozgi ta'tilni kuzga ko‘chirish kerak. Ta'lim tizimimiz ancha samarali natija bera boshlaydi...

Hay, hay, shoshmang, oz-moz o‘qib, "Bu odam aqldan ozibdi, yozgi issiqda o‘qish ahmoqlik", demang. Men ham ta'tilni kuzga ko‘chirish istiqbollari to‘g‘risida fikr yuritmoqchi emasman.

Sobiq ittifoq davrida ahvol juda achinarli bo‘lgan ekan. Hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham darsni bir chekkaga surib, paxta terishgan ekan…

Mayli, sal uzoqroqdan boshlaymiz. Yozning jazirama issiq kunlaridan birida qishloq maktabida ishlaydigan o‘qituvchi tanishimni uchratib qoldim. Hol-ahvol so‘raganday bo‘ldim. Tilim qursin, "yo‘l bo‘lsin" debman. Javobidan tilimni tishlagudek bo‘lib, yoqa ushladim.

-  Qurt tergani ketayapmiz.

Obbo, tinib-tinchimagan odamlar, nimalarni o‘ylab topishmaydi a?

Xudoning balosi kelsa, qiyin ekan. Paxta ko‘saklariga ham qurt tushibdi! Unga qarshi javlon urib kurashadigan agranomlar, tuman laboratoriyasi xodimlari qandaydir tadbirlar bilan band bo‘lib, "qog‘oz to‘ldirib", o‘zlari hal qila olmagan ishlarni o‘qituvchilar ixtiyoriga qoldirishibdi. Muammo oson hal etilgan: o‘qituvchilar dalaga borib, yeng shimarib qurt tushgan ko‘saklarni teradi! Ha-da! Byudjyetimizning katta qismi o‘shalarga ketmoqda. Ta'tilda dam olishni kim qo‘yibdi u zang‘arlarga!

Bahorda esa boshqa bir o‘qituvchi "maktabimiz uchun 4 quti ipak qurti berishdi, o‘shani boqish uchun Ahmad akaga pul yig‘ib berdik. Baraka topgur, o‘zi boqyapti. O‘tgan yili dalaga chiqib, tut bargi izlab sarson bo‘lgandik...", degandi.

O‘z opam esa "Paxta chopiqqa chiqyapmiz, u tomonlarda aholi kam yasharkan, paxta chopgani hech kim bormayapti. Shunga bizni guruhlarga bo‘lib yuborishmoqda. 5 kun o‘sha yerda qolib, paxta chopdik", deya hasrat qilgandi.

Bu hali holvasi. Xo‘jalik mudirining hikoyasini tinglay turib, ichayotgan choyimni yuta olmay qoldim. Uning aytishicha, bug‘doy bo‘yicha tuman rejasi to‘lmabdi. O‘qituvchilar pul yig‘ib berishibdi!

Yana bir voqeani ko‘ring: Qanday yaxshi! Toshkent-vodiy yo‘nalishida yangi poyezd yo‘lga qo‘yildi. Birinchi reysda davlat va jamoat arboblari ilk faxriy yo‘lovchilar sifatida poyezdga minishadi. Yurt rivojlanganida bu. Lekin, faxriy yo‘lovchilarga tumanni shu ahvolida ko‘rsatib bo‘ladimi?! Tumandan buyruq keladi: Hamma o‘qituvchilar temir yo‘l atrofini tozalashga!

"Ayting, kuz kelmasin! Mayli, asaldek uzumlarni yemaylik, mayli tilni yoradigan qovunlar kerakmas, sayllar qolib ketsin, lekin kuz kelmasin". Bu o‘qituvchilar boshidagi xayol. 

Qishloq o‘qituvchilari shunday o‘tinadi. Axir yurtimizda bolalar mehnatidan foydalanmaslik bo‘yicha maxsus ko‘rsatma amalda. Endi avval bo‘lgani kabi o‘quvchilar paxta terimiga chiqarilmaydi. Lekin shuncha paxtani yerda qoldirib bo‘ladimi!?

"Byudjyetning katta qismini "o‘pirayotgan" o‘qituvchilar bu vaqtda bamaylixotir dars o‘tish bilan band bo‘lishi kerakmi? Nega ular paxta terimi vaqtida xonada bo‘lishlari kerak?" Bu tuman hokimiyatlaridagi xayol.

O‘quvchilarga tegib bo‘lmaydi, maxsus ko‘rsatma kelgan. Shu ko‘rsatmada "o‘qituvchi" degan so‘z bo‘lmagani zap ish bo‘ldi-da!..

Kuzda maktablardagi ahvol: o‘qituvchilar guruhlarga bo‘linadi. Navbatma-navbat har bir guruh ma'lum vaqt maktabdagi o‘quvchilarga "qorovullik" qiladi, qolganlar paxta dalalariga marsh. Matematika o‘qituvchisi tarix, biologiya, fizika, kimyo yoki boshqa fanlardan dars o‘ta oladi.

Darsni kim o‘tadi? Farzandlar qanday ta'lim olishsin? 

Ana endi sarlavhaga qaytaylik - kelinglar ta'tilni kuzga ko‘chiramiz. Shunda yozda o‘quvchilar to‘liq ta'lim olishadi, kuzda esa ular ta'tilga, "tekinxo‘r" o‘qituvchilar esa paxta dalalariga.

Kimdir "bu paxta siyosati, bunga burun tiqib nima qilasan" deyishi mumkin. Lekin bizda yoshlar siyosati ham borku! 

Mayli, oliy ta'lim muassasalarini paxta hashariga jalb qilaylik - vatan uchun ozroq qiynalishsin, mayli. Lekin, xalq ta'limini qishloq xo‘jaligidan ayro qilish vaqti kelmadimikin? Kasaba uyushmalari ham ozroq g‘ayrat qilib, o‘z ishlarini bajarish vaqti kelmadimikin?

Qo‘li yag‘ir, yelkasi yara o‘qituvchilar ham odamday yashasa bo‘lmasmikin?

O‘qituvchilar paxta termasa, nima yo‘qotamiz? Tersachi? Qiyoslab ko‘rsak, o‘qituvchilar paxta termasa, ozroq paxta yo‘qotamiz, ozroq pul yo‘qotamiz. 

O‘qituvchi paxta tersachi? Bilim yo‘qotamiz. Kelajakni yo‘qotamiz, yurt farzandlarining vaqtini, ilmga muhabbatini yo‘qotamiz.

Axir bir fanni yaxshi biladigan odam (ya'ni, o‘qituvchi) dalada itdek ishlasa, undan ko‘ra, shu fanni o‘rganmasa, bilmasa edi, bunchalik qiynalmas edi, degan fikr shakllanmaydimi? Bolalarda shunday qarashlar uyg‘onmasligiga kim kafolat beradi? Terrorchilar safiga qo‘shilib qolgan yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz terrorizm haqidagi tushunchani o‘qituvchisi darsda emas, daladaligi bois ongiga muhrlay olmagandir, ehtimol…

Ehtimol, men nohaqdirman. Ehtimol, o‘qituvchi rostdan ham byudjyetdan olayotgan pulini dars o‘tib emas, qurt terib, qurt boqib, paxta terib, paxta chopib oqlashi adolatdandir...

Onam aytib bergandi. Bir safar o‘qituvchilar guruhi paxta terishga borishsa, fermer haydab solibdi. Chunki, uni hech kim majburlamagan. Lekin direktorga buyruq berilgan, qurib ketgur reja berilgan. Nima qilishsin bechoralar? Fermerdan yashirincha uzoq paxta bo‘laklarida oq oltinni terib, tushlik qilmasdan, o‘zlari transport topib, terilgan paxtani qabul punktiga olib borib, navbatda turib topshirishgan va paxta topshirilgani haqidagi isbot qog‘ozlarni "tuman bo‘limi"ga olib borib ko‘rsatishgan va keyin tin olishgan ekan…

Ehtimol bu ham adolatdandir…

Keling, yaxshisi, ta'tilni kuzga ko‘chiraylik…

«O‘qituvchiga osilmagan sen qoluvding o‘zi!». Jurnalist o‘ziga tupurganda

Blogerlar ovozi. Yugurdakka aylangan o‘qituvchi 

Mavzuga oid