Sudyalar O‘zbekiston xalqiga murojaat qildi
O‘zbekiston Respublikasi sudyalari mamlakat xalqiga murojaat qilishdi. Murojaat matni O‘zA saytida keltirilgan.
Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida sud hokimiyati nufuzini oshirish, uni o‘tmishdagi jazolovchi organdan inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiluvchi mustaqil institutga aylantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash borasida qabul qilingan qonun hujjatlari va ko‘rilgan amaliy tadbirlar mazkur sohadagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi, sud hokimiyatining fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi roli va ahamiyatini tubdan oshirdi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sud hokimiyatining tom ma'noda mustaqilligini ta'minlash, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish ushbu sohadagi islohotlarning eng asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga asosan fuqarolik, jinoiy, ma'muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi, sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergovga qaytarishdek odil sudlovning mazmun-mohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan amaliyotga chek qo‘yildi.
Sudyalikka nomzodlarni tanlash va lavozimga tayinlash tartibi tubdan takomillashtirilib, sudyalar hamjamiyatining yangi organi – Sudyalar oliy kengashi ta'sis etildi.
Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi qayta ko‘rib chiqilib, sudyalarning xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini beradigan darajada, hozirgi zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirildi va maqbullashtirildi.
Bu islohotlarning samarali amalga oshirilishi sud tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha rahbar va mas'ul xodimlarning o‘z xizmat burchini sadoqat bilan, adolatli va mas'uliyatli bajarishiga chambarchas bog‘liqdir.
Joriy yilning 13 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan aniq ko‘rsatib o‘tilgan sud tizimidagi jiddiy muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda oldimizga qo‘yilgan vazifalarni to‘g‘ri hal etish uchun har birimiz ishga bo‘lgan munosabatimizni tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz, shaxsiy mas'uliyatimizni keskin oshirishimiz zarur.
Shu munosabat bilan, Harakatlar strategiyasi ijrosini samarali ta'minlashda sud-huquq sohasidagi islohotlarning o‘ta muhim ahamiyatini va dolzarbligini to‘liq anglagan holda, biz – O‘zbekiston Respublikasi sudyalari:
Birinchidan, kundalik faoliyatimizda xalq bilan bevosita yuzma-yuz, ochiq muloqot shakllarini kengaytiramiz, fuqarolarning muammolarini hal etishda yaqindan yordam berish orqali ularning buzilgan huquqlarini tiklaymiz va haqiqatni qaror toptiramiz.
Ikkinchidan, faoliyatimizni yana bir bor qaytadan tanqidiy tahlil qilib, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoyasini ta'minlaymiz, odil sudlovni amalga oshirishdagi g‘ov-to‘siqlarni tag-tomiri bilan bartaraf etamiz, sudni tom ma'noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishda bor bilim va tajribamizni safarbar etamiz. Sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz.
Uchinchidan, sudda ishlarni sudyalik burchimiz va vijdonimiz buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli holda ko‘ramiz, eng asosiysi, qabul qilgan har bir qarorimiz qonuniy, asosli, odillik va insonparvarlik tamoyillariga tayangan bo‘lishi uchun barcha mas'uliyatni o‘z zimmamizga olamiz.
Har bir insonning taqdirini hal etishda ongimizda – adolat, tilimizda – haqiqat, dilimizda esa poklik ustuvor bo‘ladi.
To‘rtinchidan, Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan barcha islohotlarni amalga oshirishga barchamiz jiddiy mas'uliyat va tashabbuskorlik bilan yondashamiz, eng asosiysi, mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytiramiz.
Beshinchidan, har qanday holatda odil sudlovni ta'minlash va adolatni qaror toptirishga qodir, mustahkam irodali, halol, yuksak ma'naviy va kasbiy fazilatlarga ega sudyalar tarkibini shakllantiramiz. Bunga barchamiz birdek mas'ulmiz.
Oltinchidan, sudyalik – bu mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli kasb va yuksak maqom ekanligini chuqur anglagan holda, sudyalik sha'niga dog‘ tushiradigan har bir g‘ayriqonuniy xatti-harakatga “favqulodda holat” sifatida qaraymiz, adolatga xiyonat qilgan xodimlarga nisbatan murosasiz kurashamiz va saflarimiz sofligini ta'minlaymiz.
Yettinchidan, sudyalar kasbiy tayyorgarligini oshirish, sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali ish yuritish tartibini soddalashtiramiz va fuqarolar ovoragarchiligining oldini olish borasida kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘ramiz.
Sakkizinchidan, sud amaliyotini doimiy tahlil qilib borish asosida tizimli qonun buzilishlarni aniqlaymiz hamda ushbu sohadagi kamchiliklarni qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yo‘li bilan bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik kundalik qoidamiz, faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘ladi.
Zimmamizga yuklatilgan mas'uliyatli vazifalarni sidqidildan, halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, xalqimiz va Prezidentimiz oldida bergan qasamyodimizga hamisha sodiq qolishga va'da beramiz!
O‘zbekiston Respublikasi sudyalari
Mavzuga oid
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
08:34 / 16.05.2024
Soliq qo‘mitasiga eng ko‘p murojaat qaysi hududlardan kelib tushayotgani aytildi
15:07 / 10.04.2024