O‘zbekiston | 18:20 / 09.07.2017
9583
4 daqiqa o‘qiladi

Olti davlat parlamenti bilan do‘stlik guruhlari tashkil etildi

Foto: Xalqaro press-klub

2017 yilning birinchi yarmida Senatning ikki yalpi majlisida 6 qonun loyihasi kiritildi (bularning orasida xalqaro hujjatlar ratifikatsiyasi ham bor) va qonun tomonidan tasdiqlandi. Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a'zosi B.Z.Asadov shu haqida ma'lum qildi. 

"Qo‘mitamiz nomidan kelib chiqqan holda, asosiy e'tibor tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratildi. Ushbu munosabatlarni rivojlantirish xorijiy investitsiyalarni jalb etish yoki xalqaro moliyaviy institutlar resurslarni jalb etishga qaratilgan xatti-harakatlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Jumladan, hozirgi kunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB), Yevropa investitsion banki (YeIB) va boshqa banklar bilan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kreditlarni jalb etish, ya'ni chet elda o‘z faoliyatini yuritayotgan xalqaro moliyaviy institutlar resurslarini  O‘zbekistondagi investitsion loyihalarni amalga oshirishga jalb etishga qaratilmoqda. 

Bundan tashqari, shu yilning birinchi yarmida Farg‘ona shahrida YeTTB vakillari bilan kelajakda ajratiladigan kreditlarni olish yo‘l-yo‘rig‘ini tushuntirish maqsadida Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyat tadbirkorlari ishtirokida katta amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. 

Shuningdek hozirgi kunda tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘lida mavjud bo‘lgan muammolar, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni o‘rganib chiqish uchun maxsus ekspert guruhlarini tuzganmiz. O‘tgan 6 oy mobaynida shu guruhlar bilan 9 uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ekspertlar tomonidan, ya'ni tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kiritilgan taklif va mulohazalarning hammasini yig‘ib, tegishli vazirliklarga tavsiyalar va yo‘riqnomalar yo‘llandi. 

Bundan tashqari, xorijiy parlamentlar bilan aloqalarni rivojlantirishni alohida qayd etish joiz, shu yilning o‘zida 6 davlat parlamenti bilan do‘stlik guruhlari tashkil etildi. Bular Xitoy, Qozog‘iston, Gruziya va boshqa davlatlar. Bu guruhlar avvalambor ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga nihoyatda katta yordam berdi. 

Shuningdek qo‘mita va senat a'zolaridan tashkil topgan guruhlar uchun chet elga safarlar uyushtirildi. Ushbu safarlar doirasida natijali hujjatlarga qo‘l qo‘yildi. 

Misol uchun, Ozarboyjon yoki Gruziyaga borilganda o‘sha davlatlar hududidan kesib o‘tadigan tranzitda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga chegirmalar berildi, ya'ni Ozarboyjonda - 30 foizdan 50 foizga, Gruziyada 40 foizdan 50 foizga oshirildi. Latviyaga tashrif doirasida ko‘plab hujjatlarga qo‘l qo‘yildi. Xususan, savdo uyi ochilishi, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlar eksportiga oid va yana bir qiziq masala - Latviya portlarida xab ochish masalasi, hozirda bu imkoniyatlar o‘rganib chiqilmoqda, u mahalliy mahsulotlarimizning Yevropa bozoriga chiqishiga katta yordam beradi". 

Mavzuga oid