Jahon | 18:43 / 15.07.2017
5308
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: «G‘arb Turkiya va terrorchilar o‘rtasida tanlovni amalga oshirishi lozim»

Foto: aa.com.tr

G‘arb davlatlari yetakchilari terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda turk xalqiga ishonch bildirish o‘rtasida tanlovni amalga oshirishlari kerak, deyiladi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning The Guardian gazetasida e'lon qilingan maqolasida. U 2016 yilning 15 iyul voqealariga bir yil to‘lishi munosabati bilan e'lon qilindi.

Maqola muallifining fikricha, Turkiya bilan do‘stlikka xiyonatni hech narsa bilan tushuntirib bo‘lmaydi, u ikki tomonlama munosabatlar va fundamental qadriyatlarga ziddir.

Turkiya harbiy to‘ntarishga urinish holatidan bir yil o‘tib, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda davom etmoqda, deya ta'kidlanadi maqolada.

Unda aytilishicha, bir yil avval Turkiyaning millionlab fuqarolari, siyosiy qarashlar va etnik kelib chiqishidan qat'i nazar, isyonchilarga qarshi o‘z pozitsiyasini bildirdilar.

To‘ntarishni bostirish chog‘ida 250 kishi halok bo‘ldi, 2193 inson jarohatlandi, deb yozadi Erdo‘g‘an.

Maqola muallifining qayd etishicha, turk hukumatining isyonchilar rahbari Fathulloh Gulen va uning tarafdorlarini javobgarlikka tortish bo‘yicha sa'y-harakati nafaqat Turkiya, balki butun jahondagi demokratiya uchun ham katta ahamiyatga ega.

«To‘ntarishga urinishning oldini olish demokratiya tarixidagi tub burilish holatiga aylandi. Bu ozodlikni istovchi dunyodagi ko‘plab insonlarni ilhomlantirib yubordi. Afsuski, Turkiyaning ittifoqdoshlari, xususan G‘arb, bu hodisalarga to‘la baho bera olmadi. Ba'zi g‘arbiy hukumatlar va tashkilotlar to‘ntarishga urinish holatiga qarshi chiqqan xalqni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, kutish pozitsiyasini tanlashdi. Ularning ikkiyuzlamachiligi va ikkilamchi standartlari turk xalqini chuqur tashvishga soldi», - deya yozadi Erdo‘g‘an.

Turkiyaning “do‘stlari va ittifoqdoshlari” deb ataluvchilar FETÖ’ning yuqori lavozimli rahbarlariga boshpana taqdim etishdi, deyiladi maqoladi.

Maqola muallifining qayd etishicha, ko‘plab davlatlar kichik tahdidlarda ham xavfsizlik choralarini ko‘radi, hamda shu sababdan Turkiyadagi favqulodda holat rejimini tanqid qilish asossizdir.

Mavzuga oid