Fotoreportaj: Surxondaryodagi chorak asrdan buyon ta'mirtalab yo‘l haqida
Borganlar biladi — Surxondaryoga kiraverishdagi «Darband» yo‘l-patrul xizmati maskanidan o‘tiboq katta yo‘l ikkiga bo‘linadi: to‘g‘riga yursangiz — Sherobod, Angor orqali viloyat markazi — Termizga borasiz. Chap tomonga burilsangiz — Boysun, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo va Uzun tumani aholisi yuradigan yo‘ldan yurasiz.
To‘g‘ri, Surxon vohasiga eltuvchi yo‘llarni ta'mirlash borasida keyingi yillar juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, bir necha yillar davomida o‘ta abgor holatdagi Boysun – Tangimush yo‘li ham binoyidek ta'mirdan chiqarildi. Haydovchilarning uzog‘i yaqin bo‘lmoqda.
Lekin ana shu Boysun tumanidagi Tangimush aholi punktidan Oltinsoyning Mirshodi qishlog‘igacha bo‘lgan oraliqdagi 18 km yo‘l esimni taniganimdan buyon — qariyb 25 yillar chamasi, o‘ta ta'mirtalab. Ba'zi o‘rinlar sobiq ittifoq davridan beri asfalt ko‘rmagan, deb bemalol ayta olaman. Mana shu 18–20 km yo‘lni bosib o‘tish uchun siz kamida 1,5 soat vaqtingizni sarflaysiz. Tasavvur qilyapsizmi? Qachon shu yo‘ldan o‘tgan bo‘lsam, albatta yo‘lning nosozligi tufayli mashinasiga shikast yetgan kamida bitta haydovchini yo‘limda uchrataman.
Bunga sabab nima? Oltinsoy va Boysun tumanlarining chegarasida joylashgan uchastka bo‘lgani uchun har ikki tuman mutasaddilari o‘z zimmasidan soqit qilganimi? Yoki qachonlardir rejaga kiritilganu, ajratilgan vositalar va pullar «tuya» qilingani sababli yo‘lning shugina qismi yillar osha ta'mirlanmay kelmoqdami?
Suratlarga e'tibor bersangiz, ayniqsa, Denov va Sho‘rchiga buriladigan chorraha avvalida uchraydigan bir ko‘prikning ahvoli juda ayanchli ko‘rinishda. Bu qaysi bir qishloqning yoki mahallaning ko‘prigi emas, viloyatning aholi zich joylashgan 5-6 ta tumaniga eltuvchi respublika ahamiyatidagi, yakkayu yagona yo‘lning bugungi kundagi ahvoli!
Rostini tan olish kerak, yo‘ldagi mayda-chuyda «o‘ra»larni suratga olib o‘tirmadim. 70 foiz joy fotoapparatim nigohidan chetda qoldi. Chindan ham dahshatli, mashinalarning ravon yurishiga xalaqit beradigan o‘rinlarni suratga oldim, xolos.
Yozning jazirama kunlarida chang-to‘zon, bahoru kuzning yomg‘irli, qishning yaxmalakli kunlarida bu yo‘llar qanday bo‘lishini tasavvur ham qilish qiyin emas.
Tan olishim kerak, yo‘lning har yili sel yuvib ketadigan bir soylikda joylashgan qismida ko‘prik barpo etilayotganiga, beton qoziqlar qoqilib, texnikalar ishlayotganiga ko‘zim tushdi. Balkim, yo‘l tez orada biz istagandek qilib, ta'mirlanar. Bilmadim, bilmadim...
Mabodo mutasaddilarning nazaridan qolgan shu yo‘l ta'mirlangudek bo‘lsa ham, undan uzoq yillar foydalanish uchun ba'zi choralarni ham ko‘rish kerak, deb o‘ylayman.
Hammamizga ma'lumki, vodiyga eltuvchi Qamchiq dovonida «KamAZ» va boshqa og‘ir yuk avtomashinalari qatnovi taqiqlab qo‘yildi. Yo‘llardagi bor asfaltning ham bunday ahvolga tushishida 10 tonnaga mo‘ljallangan «KamAZ» yuk avtomashinalariga 20-25 tonnalab me'yordan ortiqcha yuk ortilgani sababchi, deb o‘ylayman. Surxon vohasining yozgi jaziramasida me'yoridan ortiqcha yuk ortilgan «KamAZ» balandlikka chiqishda va tushishda yo‘l sirtidagi qaynab yotgan asfaltni «g‘ijimlab» qo‘yadi. Yo‘lning asfalt bor qismidagi balandlikka chiqishlarda «KamAZ» g‘ildiraklariga mos ariq va yo‘l o‘rtasida mini-tog‘ paydo bo‘lgan.
Mutasaddi rahbarlar ta'mirlash qiyin bo‘lgan, milliardlab pul sarflangan tog‘li yo‘llarda bunday eski mashinalar cheklovini joriy etishi kerakmikan, degan fikrga keldim. Axir yurtimizda 5-10 tonnali ixcham, yangi, zamonaviy «Isuzu» yuk mashinalari ishlab chiqarilayapti-ku?
Oltinsoy tumanidagi va Boysunga kiraverishdagi YPX postlaridan ana shunday holatlarni nazorat qilishda foydalanish lozim. Hozircha bu postlar nima uchun o‘rnatilgani men uchun qorong‘u. Chunki biroz oldinda joylashgan «Darband» postidagidek tekshiruv respublikamizda faqat Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lsa kerak.
Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist.
Mavzuga oid
16:00 / 23.11.2024
“Prezidentimiz, odamlar ko‘chishga rozimi-rozimasmi, dedilar” – Abdulla Aripov Boysunda bo‘lib qaytdi
21:33 / 22.11.2024
Xitoy Surxondaryodagi mis va kumush konlariga 2,7 milliard dollar investitsiya taklif qilmoqda
14:50 / 21.11.2024
Kuvayt O‘zbekistonda Ona va bola klasterini tashkil etadi
19:44 / 19.11.2024