Jamiyat | 21:10 / 03.09.2017
18164
2 daqiqa o‘qiladi

Makkada Haj amallari nihoyasiga yetdi

Foto: RIA Novosti / Mixail Voskresenskiy

3 sentabr, yakshanba kuni Saudiya Arabistonida Haj amallari nihoyasiga yetdi. Bu haqida mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi. 

Xavfsizlik xizmatlari boshlig‘i Xolid Al-Harbiyning ma'lum qilishicha, 2017 yilgi Haj ziyorati vaqtida tirbandlik holatlari qayd etilmagan. 

Bundan avval jahonning turli davlatlaridan kelgan 2 millionga yaqin musulmon ziyoratchi besh kunlik haj amallarini bajarayotgani haqida xabar berilgandi.  

Ta'kidlash joizki, joriy yil 7350 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchi “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Namangan-Madina, hamda Urganch-Madina yo‘nalishlarida haj safariga kuzatilgan. Hojilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 10 nafar ishchi guruhi a'zosi Saudiya Arabistoniga safarbar etilgan. 

O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan 100-150 metr uzoqlikda joylashgan “Javharat ar-Roshid”, Makka shahrida esa Haramdan 5000 metr uzoqlikdagi to‘rt yulduzli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi xizmat ko‘rsatgan. Har bir xona muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar bilan jihozlangan. 24 soat davomida zamonaviy avtobuslarda ziyoratchilarni Makka shahridagi Haram masjidiga tashish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Haj safaridan 8-24 sentabr kunlari qaytishlari rejalashtirilgan. “Haj-2017” mavsumi ziyoratchilarining oxirgi reysida 74 nafar Ikkinchi Jaxon Urushi qatnashchilari va ularga hamrohlik qiluvchilarni safarga yuborilgan bo‘lib, ularni birinchi reys bilan O‘zbekiston qaytarib olib kelish rejalashtirilgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid