Jamiyat | 19:00 / 03.10.2017
11950
4 daqiqa o‘qiladi

Andijon soliq idorasi loqayd tashkilotning 45 milliondan ziyod qarzini undirdi

Jamiyatimizda  faoliyat ko‘rsatib, daromadlarini oshirib, turli sohalarda mehnat qilib kelayotgan shunday “soliq to‘lovchi”larimiz borki, ular davlat byudjyetiga tushishi, to‘lanishi zarur bo‘lgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni unutib qo‘yishadi. Afsuski, soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlab yurgan yurtdoshlarimiz ham oramizda yo‘q emas. Ularning qilmishlari Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida fosh etilmoqda. Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Shoxruhbek Egamnazarov KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi. 

Ulug‘nor tumanidagi “Do‘stlik” suvdan foydalanuvchilar uyushmasi  rahbariyati tomonidan soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan 45 million 983 ming 700 so‘m qarzdorligini qonunda belgilangan muddatlarda to‘lamaganligi oqibatida ushbu soliq va to‘lovlarga nisbatan 26 milloin 882 ming 600 so‘m ustama jarima (penya) hisoblanib, jami qarzdorlik 72 million 866 ming 300 so‘mga yetgan. Majburiy ijro byurosi tomonidan berilgan 5 kunlik muddatda ham to‘lovlar amalga oshirilmaganidan so‘ng mazkur korxona tasarrufidagi MTZ 82-1 rusumli  traktor xatlandi va vaqtinchalik jarima maydonchasiga eltib qo‘yildi. 

Shuningdek, “Ulug‘nor Agroservis” ma'suliyati cheklangan jamiyatining soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan oz emas, ko‘p emas 20 million 621 ming 900 so‘m qarzdorligi mavjud ekan. Korxona tomonidan ushbu to‘lov amalga oshirilmaganligi uchun balansidagi davlat raqami 60 824 MAA bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashina xatlanib, “kim oshdi” savdosi orqali sotish uchun hujjatlar tayyorlandi. 

Qo‘rg‘ontepa tumanining Musayev ko‘chasida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Oybek Islomovning soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan qarzdorligi 6 million 804 ming 700 so‘m. Shu kungacha to‘lanmayotgani bois, “Matiz” rusumli davlat raqami 60 P 254 JA bo‘lgan avtomashinasi xatlandi. 

Paxtaobodlik Ikromjon Ahmadoxunovning soliqdan 3 million 365 ming 938 so‘m qarzi bor. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining tegishli ijro hujjatiga asosan undirilishi shart. Qarzdorning yashash manziliga borilib, ijro hujjatining mazmuni tushuntirilganida, u to‘lov imkoniyati yo‘qligini ma'lum qildi. Shundan so‘ng I.Ahmadoxunov xonadonidagi qoramol xatlovga olindi. Qarz to‘langach, egasiga qaytariladi.

Keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, hech kim qarzdan qochib qutulolmaydi. Aksincha, majburiyatini unutgan inson o‘zi uchun tashvish orttirib olishini kundalik hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi.

Qonun doirasidan chiqmagan, to‘g‘ri ishlaydigan insonning turmushida ham, topgan daromadida ham baraka bo‘ladi. Halol mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratayotgan ana shunday yurtdoshlarimizni har qadamda ko‘rib turibmiz. Ammo to‘lov qobiliyati bo‘la turib, bepisandlik qilgan, qarzdorligini bartaraf etishdan bo‘yin tovlagan kishilarning oddiy fuqarolik burchini anglab yetmaganiga yoinki tushunishni xohlamaganiga hayron qolasan kishi. Axir qonun-qoida hamma uchun birdek amal qiladi, degan oddiy haqiqat bor-ku.  

Mavzuga oid