Jamiyat | 11:08 / 01.12.2017
108093
5 daqiqa o‘qiladi

OITS xavfi haqida oshkora gapirish kerak!

Foto: Fotolia

OITS(SPID) kasalligi haqida juda ko‘p eshitamiz. Darhaqiqat, targ‘ibot ishlari kuchidan ushbu bedavo xastalikka chalinish sabablari va uning oqibatlari borasida deyarli barcha kishilar boshlang‘ich tushunchaga ega. Lekin, shunday bo‘lishiga qaramay, kasallangan insonlar soni kamayib qolayotgani yo‘q. Demak, jamiyatimizda kasallikni oldini olish bo‘yicha hali ko‘p harakat qilishimiz zarur. Lekin, ko‘pchilik kishilar aynan shu kasallikdan atrofidagi insonlar aziyat chekkanidagina xulosa chiqarmoqda.

Shu o‘rinda aytilaverib, ta'sir kuchini deyarli yo‘qotayotgan iboraga to‘xtalamiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, oldini olgan ma'qul”. Quyida keltiriladigan misollardan biri o‘quvchiga saboq bo‘ladi degan umiddamiz.  

Ona hasrati: “Qizimiz voyaga yetgach, xonadonimizdan sovchilarni keti uzilmay qoldi. Tabiiyki, qizimizni unashtirdik. Nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligini mutaxassislar aytishdi va biz tibbiy ko‘rikdan o‘ta boshladik. Kuyov tomondagilar esa to‘yni tezlashtirish kerakligini tibbiy ko‘rikdan to‘ydan so‘ng o‘tsa ham bo‘lishini aytishganida, shubha qilmay, beparvolarcha rozi bo‘ldik. Oradan oylar o‘tib, qizimni homilador ekanini, yaqinda buvi bo‘lishimni aytishganida juda xursand bo‘lib ketdim. Lekin xursandchiligim uzoqqa bormadi. Homiladorlik bo‘yicha qon namunasini topshirgani olib bordim. Qizimizda OIV virusi borligini eshitib, oqibatda uning OITS (SPID) kasalligiga chalinganini tushunib, e'tiborsizligim tufayli farzandim hayotini xavfga qo‘yganimni anglab, dahshatga tushdim. Kuyov yigitda ushbu kasallik bo‘lgan va qizimga yuqqan ekan. Farzandim uchun OITS haqida malumot olish maqsadida atrofga nazar solsam ko‘chalarda shifoxonalarda ogohlikka chaqiruvchi ko‘plab yozma manbalar borligini ko‘rdim. Mening OIV kasalligi to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lmaganligim farzandim hayotini salbiy tomonga burilishiga olib keldi. Azizlar, sizlar ham mening holatimga tushmasligingiz uchun sizlarni ogohlikka chaqiraman”

Foto: Fotolia

Bunday misollarni ko‘plab ketirishimiz mumkin. “1 dekabr-Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni”. Aslida, insoniyatga xavf solayotgan dardi-bedavo kasallik bilan har kuni har soatda kurashishimiz zarurligini unutmang!  

OIV/OITS BU NIMA?

OIV (VICh) – Odam organizmidagi Immunitet Tanqisligini keltirib chiqaruvchi Virus. Asosan odamning immunitet (himoya) tizimiga ta'sir qiladi.

OITS (SPID) – Orttirilgan Immunitet Tanqisligi Sindromi. U OIV infeksiyasining yakuniy bosqichi hisoblanadi.

OIV-infeksiyasida odam organizmiga tushgan virus ta'siriga immunitet tizimi ma'lum darajada javob qaytaradi. Kasallik alomatlari deyarli bo‘lmaydi. Uni faqat laboratoriya tekshirishlari ko‘rsatadi. ARVT qabul qilmagan holatlarda organizmda kasallikning avj olish davri tezlashadi. Virus miqdori oshib, immun tizim sustlashib ikkilamchi kasalliklar rivojlanishi mumkin.

Shu vaqtdan OITS davri boshlangan hisoblanadi. Bu davr uchun xos bo‘lgan alomatlar yo‘q. Zeroki, bu davrda organizmda duch kelgan mikrob kasallik qo‘zg‘atishi mumkin. Shuning uchun bu davr tuzalishi qiyin bo‘lgan turli-tuman kasallik alomatlari bilan namoyon bo‘ladi.

Infektsiya yuqqan dastlabki davrlarda odam o‘zini sog‘lom his etishi mumkin. Bunday holat hech qanday alomatlarsiz 8-10 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Bu davrda odam sog‘lomdek ko‘rinsa ham, o‘zi bilmagan holda, kasallik virusini boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori.

Kasallik qaysi yo‘llar bilan yuqadi?

Virus infeksiya yuqqan odamning qonida, erkaklarning shahvatida, ayollarning jinsiy a'zolari ajratmalarida va ko‘krak sutida bo‘ladi. Shuning uchun virus asosan 3 xil yo‘l bilan yuqadi:

1. Qon orqali (parenteral yo‘l)

2. Jinsiy aloqa orqali

3. Kasallik yuqtirgan onadan homilaga vertikal yo‘l bilan homiladorlik davrida (jarohatlangan yo‘ldosh orqali) homilaga, tug‘ruq  jarayonida (tug‘ruq yo‘lida ona qoni orqali) va ona suti orqali chaqaloqqa yuqishi mumkin.

Qaysi hollarda OIV yuqmaydi?

Qo‘l berib ko‘rishganda,quchoqlashganda;

Yo‘talganda, aksa urganda;

Umumiy telefondan foydalanganda;

Hashorotlar chaqqanda;

Basseyn, hammom,  hojatxonadan umumiy foydalanilganda;

Umumiy idish-tovoqdan;

Kiyim kechak va ko‘rpa - to‘shak orqali.                                                     

Mavzuga oid