OITS(SPID) kasalligi haqida juda ko‘p eshitamiz. Darhaqiqat, targ‘ibot ishlari kuchidan ushbu bedavo xastalikka chalinish sabablari va uning oqibatlari borasida deyarli barcha kishilar boshlang‘ich tushunchaga ega. Lekin, shunday bo‘lishiga qaramay, kasallangan insonlar soni kamayib qolayotgani yo‘q. Demak, jamiyatimizda kasallikni oldini olish bo‘yicha hali ko‘p harakat qilishimiz zarur. Lekin, ko‘pchilik kishilar aynan shu kasallikdan atrofidagi insonlar aziyat chekkanidagina xulosa chiqarmoqda.

Shu o‘rinda aytilaverib, ta'sir kuchini deyarli yo‘qotayotgan iboraga to‘xtalamiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, oldini olgan ma'qul”. Quyida keltiriladigan misollardan biri o‘quvchiga saboq bo‘ladi degan umiddamiz.  

Ona hasrati: “Qizimiz voyaga yetgach, xonadonimizdan sovchilarni keti uzilmay qoldi. Tabiiyki, qizimizni unashtirdik. Nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligini mutaxassislar aytishdi va biz tibbiy ko‘rikdan o‘ta boshladik. Kuyov tomondagilar esa to‘yni tezlashtirish kerakligini tibbiy ko‘rikdan to‘ydan so‘ng o‘tsa ham bo‘lishini aytishganida, shubha qilmay, beparvolarcha rozi bo‘ldik. Oradan oylar o‘tib, qizimni homilador ekanini, yaqinda buvi bo‘lishimni aytishganida juda xursand bo‘lib ketdim. Lekin xursandchiligim uzoqqa bormadi. Homiladorlik bo‘yicha qon namunasini topshirgani olib bordim. Qizimizda OIV virusi borligini eshitib, oqibatda uning OITS (SPID) kasalligiga chalinganini tushunib, e'tiborsizligim tufayli farzandim hayotini xavfga qo‘yganimni anglab, dahshatga tushdim. Kuyov yigitda ushbu kasallik bo‘lgan va qizimga yuqqan ekan. Farzandim uchun OITS haqida malumot olish maqsadida atrofga nazar solsam ko‘chalarda shifoxonalarda ogohlikka chaqiruvchi ko‘plab yozma manbalar borligini ko‘rdim. Mening OIV kasalligi to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lmaganligim farzandim hayotini salbiy tomonga burilishiga olib keldi. Azizlar, sizlar ham mening holatimga tushmasligingiz uchun sizlarni ogohlikka chaqiraman”

Foto: Fotolia

Bunday misollarni ko‘plab ketirishimiz mumkin. “1 dekabr-Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni”. Aslida, insoniyatga xavf solayotgan dardi-bedavo kasallik bilan har kuni har soatda kurashishimiz zarurligini unutmang!  

OIV/OITS BU NIMA?

OIV (VICh) – Odam organizmidagi Immunitet Tanqisligini keltirib chiqaruvchi Virus. Asosan odamning immunitet (himoya) tizimiga ta'sir qiladi.

OITS (SPID) – Orttirilgan Immunitet Tanqisligi Sindromi. U OIV infeksiyasining yakuniy bosqichi hisoblanadi.