Jahon | 09:41 / 12.12.2017
26327
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston bilan chegaradagi afg‘on viloyatida IShID safida kimlar jang qilmoqda? 

Foto: Aziya-Plyus

Suriyada IShID terrorchilik guruhi safida jang qilgan jangarilar Afg‘oniston shimolidagi ekstremistik guruhga qo‘shilishdi, deb xabar bermoqda AFP axborot agentligi.

Afg‘oniston shimoliy viloyatlarida paydo bo‘lgan jangarilar orasida Jazoir, Fransiya, Tojikiston, O‘zbekiston va Kavkazdan bo‘lgan shaxslar borligi aytiladi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, jangarilar Turkmaniston bilan chegaradagi Juzjon shimoliy viloyatining Darzob uyezdida payqalgan.

Afg‘onistonning Juzjon shimoliy viloyatidagi Darzob uyezdi rahbari Baaz Muhammad Davarning xabar berishicha, Suriyadan qochib chiqib ketgan xorijiy jangarilar viloyatda noyabr oyida paydo bo‘lishgan. Ular orasida tojikistonlik ikki ayol va tarjimon ham bor.

Davarning so‘zlariga ko‘ra, Darzobda payqalgan xorijiy jangarilar, ehtimol, IShIDning Afg‘oniston va Pokistonda harakatlanuvchi bo‘linmasi «Xuroson viloyati» a'zolari sanaladi.

Darzob aholisining AFP’ga xabar berishicha, taxminan 200 nafar xorijlik Bibi Maryam qishlog‘idan uncha uzoq bo‘lmagan joyda mashg‘ulot lagerini tashkil etishgan. Mahalliy fuqarolardan birining xabar berishicha, lagerda turli millatdagi jangarilar mashq olib boradi, ularning bari harbiy kiyimni kiyib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Juzjon hukumati IShID safiga yoshlar jalb etilayotgani haqida xabar bergandi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Afg‘onistonning Turkmaniston bilan chegarasida joylashgan viloyatda IShID terrorchilik guruhi jangarilarini o‘qitishning yashirin markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda taxminan 300 nafar yoshlar tayyorgarlikdan o‘tmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid