Jahon | 00:00 / 27.12.2017
18306
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada MDH davlatlari yetakchilari xavfsizlik masalalarini muhokama qilishdi

Foto: RIA Novosti / Aleksey Drujinin

Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH davlatlari yetakchilarining norasmiy uchrashuvida MDH davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi vazifalarni hal qilishda davom etishlarini aytdi.

“Yangi yil arafasida birgalikda yig‘ila olganimizdan va kelishganimizdek norasmiy vaziyatda o‘tayotgan yil uchun MDH doirasidagi birgalikdagi ishga yakun yasashimizdan, istiqboldagi rejalarimiz haqida suhbatlashish va albatta, mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilishimizdan xursandman”, deb aytgan Putin.  

Putinning aytishicha, bir yillik ish davomida katta kuch davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani rivojlantirish, xizmat ko‘rsatishdagi to‘siqlarni bartaraf etish, terrorchilikka qarshi kurashga qaratildi. “Hamdo‘stlik davlatlari terrorchilik, transchegaraviy jinoyatchilik, narkotrafikka qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirmoqdalar”, deb aytgan Putin.

Putin, shuningdek, davlatlar o‘rtasida tovar aylanmasi sezilarli oshganini qayd qilib o‘tgan. 

“Aminmanki, MDH doirasidagi hamkorlikni turli sohalarda yanada chuqurlashtirish davlatlarimiz xalqlari manfaatlariga javob beradi. Davlatlarimiz iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashda oldimizdagi vazifalarni hal qilish ustida ishlaymiz”, deb aytgan Putin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid