Jahon | 11:10 / 31.12.2017
22330
2 daqiqa o‘qiladi

Eronni ommaviy namoyishlar qamradi

Foto: AP

Eronda 3 kundirki ommaviy namoyishlar davom etmoqda.

Reuters agentligi xabarida yozilishicha, Mashhad shahrida ko‘chalarga chiqqan fuqarolar mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatdan norozilik bildirishmoqda. Mamlakatda ishsizlik darajasi ortgan, inflyatsiya kuchaygan va ayrim tovarlar taqchilligi kuzatilmoqda.

Davlat nashrlari xabarlariga ko‘ra, mamlakatdagi 1200dan ortiq aholi punktlarida norozilik aksiyalari qayd etilgan.

Politsiya bunday aksiyalarga ruxsat etilmaganini ma'lum qilib, namoyishchilarni ogohlantirgan. Shuningdek, ommaviy ravishda hibsga olishlar ro‘y bergani aytilmoqda.

«Biz fuqarolardan noqonuniy aksiyalar uyushtirmaslikni so‘raymiz. Agar ular yig‘ilmoqchi bo‘lishsa, avval ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi», degan Eron IIV rahbari Abdulrizo Rahmon-Fazliy.

U ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyishchilar bir-biri bilan aloqa qilayotganiga qarshi munosabat bildirgan.

Namoyishchilar Eronning tashqi siyosatdagi harakatlari, xususan, Suriya, Yaman, Iroq va Livandagi voqealarga aralashayotganidan ham norozilik bildirishmoqda. «G‘azo ham, Livan ham emas, Eron mening hayotim», deya hayqirmoqda eronliklar.

Erondagi voqealar G‘arbda katta tashvish uyg‘otdi.

«Korrupsiya rejimi va xorijda terrorizmni moliyalashtirish maqsadida milliy boyliklarning talon-toroj etilishidan charchagan eronlik fuqarolarning tinch norozilik namoyishlari haqida ko‘plab xabarlar kelmoqda. Eron hukumati o‘z odamlari huquqlarini, jumladan erkin fikr bildirishga bo‘lgan huquqini hurmat qilishi kerak. Jahon bu vaziyatni kuzatib bormoqda!» - deya yozgan Tramp Twitter’dagi o‘z sahifasida.

Inflyatsiya, rahbariyat va katta xarajatlar talab qilayotgan tashqi siyosatga qarshi joriy namoyishlar Eronda 2009 yildan beri o‘tayotgan eng yirik namoyishlarga aylandi. O‘shanda Mahmud Ahmadinajodning prezident saylovlarida g‘alaba qilganiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid