Sport | 15:46 / 12.01.2018
21135
11 daqiqa o‘qiladi

Anons. Haftaning asosiy o‘yinlari

Italiya A Seriyasi bu hafta dam oladi, Bundesliga esa, qisqa tanaffusdan keyin navbatdagi tur o‘yinlariga start bermoqda.

Kubok o‘yinlarida maydonga tushib, biroz «tin olish»ga ham imkon topa olmayotgan Ispaniya va Angliya jamoalari ham ertadan yana chempionat o‘yinlarida maydonga tushadi. Bizni kutib turgan dam olish kunlarida e'tiborga molik o‘yinlari haqida hech qachon dam olmaydigan «Tribuna.uz» hikoya qiladi.

BAYYeR – BAVARIYa (12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi, 00:30)

Qisqa tanaffusdan so‘ng, bugundan Bundesliga ham ikkinchi davra o‘yinlarini boshlaydi. Turnirning yaqqol peshqadami «Bavariya» eng yaqin ta'qibchisidan 11 ochko ilgarilab ketib bo‘lgan bo‘lsa-da, bugungi raqib ancha prinsipial va o‘yin juda qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q.

Shuningdek, «Bavariya» «Bayyer» maydonida 4 o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayotgani, so‘nggi uch o‘yinda esa, umuman gol ura olmaganini e'tiborga olsak, o‘yinning shiddatli bo‘lishini kutish mumkin. Myunxenliklar o‘yinida tanaffusdan oldin biroz pasayish kuzatilgan, jamoa oxirgi 4 g‘alabasini minimal hisobda qo‘lga kiritgandi. Ammo davralar orasidagi yig‘inda sparring raqiblar darvozasiga ikki o‘yinda 7 gol urishdi. Balki Haynkes shogirdlari yana sermahsullik rejimiga qaytishgandir?

CheLSI – LeSTeR (13 yanvar, 20:00)

So‘nggi ikki mavsumdagi APL chempionlari o‘rtasidagi bahs ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otsa kerak. Zero bu jamoalarning birinchi davradagi o‘yini ham juda murosasiz kechgan, mehmonlar 2:1 hisobida ustun kelgandi.

«Lester» noyabr oyini juda kuchli o‘tkazib, qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba qozongandi, ammo keyingi o‘yinlarda pasayish ro‘y berdi va 5 o‘yindan atigi 1 o‘yinda g‘alaba qozondi xolos. Albatta, bu pallada lesterliklarga «Manchester Yunayted» va «Liverpul» kabi klublarning raqib bo‘lganini ham unutmaslik kerak.

«Chelsi» esa, so‘nggi ikki kubok o‘yinida bir xil 0:0 o‘ynadi. Konte shogirdlarining chorshanba oqshomida Liga kubogi yarim finalida «Arsenal»ga qarshi o‘yin o‘tkazgani ushbu to‘qnashuvda jamoa o‘yiniga salbiy ta'sir o‘tkazishi ehtimoli bor. Chunki raqibidan farqli ravishda «Lester» bir hafta dam olish imkoniga ega bo‘ldi. Yil oxiridagi zich taqvimdan so‘ng bu tanaffus har qanday jamoaga katta yordam beradi.

Shuningdek, bu o‘yinda sobiq lesterchilar – Kante va Drinkuoter juftligi «Lester»ga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatishlari ham qiziq.

ReAL – VILYaReAL (13 yanvar, 20:15)

Madridning «Real» klubi ushbu mavsumda unga sal jiddiy qarshilik ko‘rsatgan klub borki, ochko yo‘qotmoqda. Bir tomondan o‘sish bor, mavsum boshida madridliklar «Santyago Bernabeu»da g‘alaba qozonishga qiynalgan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda Madridda barqaror o‘ynay boshlashdi. «Barselona» bilan o‘yin hisobga olinmasa, misol uchun, «Sevilya» darvozasiga kiritilgan javobsiz besh to‘p ham buni isbotlaydi.

Tarkib jihatidan Yevropaning eng zo‘r jamoalaridan biri bo‘lgan «Real» o‘z yog‘ida o‘zi qovurilishda davom etmoqda va hali o‘z o‘yinini topa olmagandek. Goh Benzemaning yoki Beylning biror superyulduzga almashtirilishi, goh futbolchilarning Ronaldu bilan munosabatlari keskinlashgani va hatto gohida Zidanning iste'foga chiqishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar tinmayapti. Madridda o‘zining uchinchi mavsumini o‘tkazadigan har qanday murabbiyning qismati shu – o‘tgan davrda qancha sovrin yutganingizni ham qizig‘i yo‘q bular uchun.

«Vilyareal» 28 ochko bilan «Real»dan atigi 4 ochko kam jarmg‘argan va kuchli to‘rtlik uchun kurashishi mumkin bo‘lgan jamoalar safiga kiradi.Tabiiyki, Zidan shogirdlariga «Vilyareal» himoyasini yorib o‘tish oson bo‘lmaydi. «Selta» va «Valensiya»ga qarshi so‘nggi safar o‘yinlarida jamoaning 1:0 hisobida g‘alaba qozongani ham buni ko‘rsatib turibdi.

TOTTeNHEM – EVeRTON (13 yanvar, 22:30)

Mavsum boshida londonliklar Liverpulda osonlik bilan g‘alaba qozongandi, ammo bugungi «Everton» biroz farqlidir. Jamoa «Chelsi», «Liverpul» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarda ham mag‘lubiyatga uchramaslikning uddasidan chiqdi, umuman «Everton» ushbu mavsumda «Etihad»da mag‘lubiyatga uchramagan yagona klub ekanini ham esdan chiqarmaslik kerak.

To 30 dekabrda «Bormunt»da mag‘lub bo‘lguncha, «Everton» Sem Ellardays qo‘l ostida mag‘lubiyatsiz o‘yinlar o‘tkazayotgandi. Shundan so‘ng, «MYu»dan ham mag‘lub bo‘lindi, Angliya kubogida «Liverpul» bilan durang saqlab qolinmadi, aytish kerakki, Ellardays jamoasi vaqtinchalik inqirozni boshdan kechirmoqda. Jamoaning Beyns, Koulman, Kin kabi yetakchi himoyachilari, ayniqsa, markazda juda katta ishlarni bajaradigan Idris Gayyening jarohat olganliklari murabbiyga ortiqcha bosh og‘rig‘i tug‘dirgani tabiiy.

«Tottenhem» esa, ajoyib o‘tkazilgan «boksing dey»larni yanvarning boshida, o‘z maydonida «Vest Hem» bilan o‘yindagi kutilmagan durang bilan «yuvib yubordi». Kuchli to‘rtlik uchun kurashayotgan Pochettino shogirdlarida «Liverpul»ga yaqinlashish uchun juda yaxshi sharoit paydo bo‘lgan.

LIVeRPUL – MANCheSTeR SITI (14 yanvar, 21:00)

Sababi, «Liverpul» o‘z maydonida turnir peshqadamini qabul qiladi. Koutinosiz qolgan, ammo himoya chizig‘ini Virjiyl van Deyk bilan to‘ldirgan liverpulliklar birinchi davradagi yirik (0:5) mag‘lubiyatning qasosini olishga urinib ko‘radilar.

«Manchester Siti»ning holati xuddi «Chelsi»niki kabi, raqibiga nisbatan biroz horg‘in ko‘rinishi mumkin. Jamoa Angliya kubogida biroz yengilroq raqib bilan o‘ynagan bo‘lsa-da, oson kechmadi. Gvardiola deyarli barcha yetakchilarini maydonga tushirishga majbur bo‘ldi va faqat so‘nggi daqiqalardagi gol tufayligina g‘alaba qozondi.

Gvardiola mavsum davomida baribir bir kun mag‘lubiyatga uchralishi haqida qancha gapirmasin, mehmonlar mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirish va «Arsenal»ning rekordini takrorlashga urinib ko‘rishlari tabiiy. Murabbiy uchun turnir jadvalidagi ochko farqlari yoki boshqa strategiyalar muhim emas, Pep uchun har bir o‘yin bir jarayon va rivojlanish yo‘lidagi bir qadam ekanini unutmaylik. Bu nuqtai nazardan, «Manchester Siti» ushbu o‘yinga maksimal darajada jiddiy yondashishi shubhasiz.

«Liverpul» uchun esa, ochko suv va havodek zarur. 4-o‘rinda borayotgan Klopp shogirdlari «Manchester Yunayted» va «Chelsi»ni uzoqqa qo‘yib yubormasligi kerak. Shuningdek, orqadan kelayotgan jamoalar ham u qadar uzoqda emas.

«Manchester Siti» Mendini qo‘shmaganda, faqat Jyezus va Kompanining xizmatlaridan foydalana olmaydi. «Liverpul» safida esa, bunday futbolchilar ko‘proq – hammasidan ham, Muhammad Salohning holati va maydonga tushish yoki tushmasligi hali ham so‘roq ostida.

ReAL SOSeDAD – BARSeLONA (14 yanvardan 15 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45)

Kuchli beshlikdagi jamoalar ichida barcha musobaqalarda hali biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona klub «Barselona»ning navbatdagi safari oson bo‘lmasligi tayin. Zero «Estadio Anoyeta» kataloniyaliklar uchun eng noqulay stadionlardan biridir. «Barselona» bu yerda 2007 yildan beri La Liga uchrashuvida g‘alaba qozona olmay kelmoqda, bu davrdagi o‘yinlarning 5tasida mezbonlarning qo‘li baland kelgan. Roppa-rosa bir yil oldingi «Barselona»ning g‘alabasi esa, Ispaniya kubogi doirasida kechgandi.

Darvoqe, Ispaniya kubogida Valverde shogirdlari «Selta» ustidan chiroyli (5:0) g‘alabaga erishdilar va chorak final ishtirokchisiga aylandilar. «Sosedad» juda katti zichlik hosil qilgan La Liga o‘rtamiyonalari vakillaridan biri, ya'ni ularni 5-o‘rin bilan ham, xavfli zona bilan ham atigi 6-7 ochko ajratib turibdi xolos.

Demak, turnir nuqtai nazaridan ham, o‘n yildan beri buzilmay kelayotgan an'analar jihatidan ham, basklar «Barselona»ga qarshi navbatdagi kuchli o‘yinini o‘tkazishlariga shubha yo‘q.

BOShQA O‘YINLAR:

13 yanvar: «Eybar» – «ATLeTIKO» (22:30)

14 yanvar: «Bormunt» – «ARSeNAL» (18:30), «BORUSSIYa» – «Volfsburg» (22:00), «Nant» – «PSJ» (14 yanvardan 15 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00)

15 yanvardan 16 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00: «MANCheSTeR YuNAYTeD» – «Stok Siti».

Mavzuga oid