Jahon | 14:20 / 15.01.2018
9388
2 daqiqa o‘qiladi

Eron munosabatlar sovuqlashganiga qaramay, Turkmanistondan gaz olmoqchi

Foto: IRNA

Eron Milliy gaz kompaniyasi rahbari Hamid Rozi Arakiyning IRNA agentligiga aytishicha, Tehron Ashxoboddan tabiiy gaz xarid qilishdan hali ham manfaatdor.

«Biroq, agarda ular kelajakda narxni pasaytirishga rozi bo‘lmasa, biz bu masalani xalqaro arbitraj sudida ko‘rib chiqamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Eronning xalqaro arbitraj sudiga arizasi uch qismdan iborat: Turkmaniston 2017 yilning yanvarida gazni avvaldan ogohlantirmay turib o‘chirib qo‘ygan, gazning sifati past bo‘lgan, narxi esa yuqori.

Turkmangaz va Milliy gaz kompaniyasi o‘rtasidagi mojaro Turkmaniston tomoni Erondan 1,8-2 milliard dollarlik qarzni qoplash talabi bilan chiqqanidan so‘ng yuz berdi. Qarzdorlik 2007-2008 yillarda yuzaga kelgan bo‘lib, o‘shanda Eron sovuq ob-havo tufayli Turkmanistondan xarid qilinuvchi gaz hajmini oshirishga majbur bo‘lgan.

Biroq, turkman tomoni gaz hajmi uchun narxni bir necha barobarga oshirib, shartnomada ko‘rsatilgandan yuqori narx qo‘ydi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy ma'muriyatining iddao qilishicha, yetkazib berilgan gazga keyingi uch yil davomida to‘liq haq to‘lab bergan. Avvalgi qarzlar esa boshqa hukumat davrida paydo bo‘lgan hamda ularning miqdorini, ma'muriyat fikricha, turkman tomoni bilan yana bir karra muhokama qilish zarur.

Eslatib o‘tamiz, Eron mamlakat janubida yirik tabiiy gaz konlariga ega, biroq 1997 yildan boshlab o‘zining shimoliy viloyatlari uchun Turkmanistondan gaz import qilib kelgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid