O‘zbekiston | 13:08 / 16.01.2018
16094
2 daqiqa o‘qiladi

Tanlovdan o‘tmadi – notarius lavozimidan mahrum bo‘ladi

Foto: Fotolia

Adliya vazirining buyruqlari (6.01.2018 yilda 2151-4, 2149-7 va 2165-10-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan notariat organlari faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Norma.uz’ning yozishicha, hujjatlar bilan quyidagi shaxslar tomonidan taqdim etiladigan oliy yuridik ma'lumot to‘g‘risidagi diplom va mehnat daftarchasi nusxalarining notarial tasdiqlanishi bekor qilindi:

• malaka imtihoni topshirish uchun notarius lavozimiga nomzodlar;
• ishga qabul qilish chog‘ida notarius stajyorlari (ushbu holda mehnat daftarchasi nusxasi talab etilmaydi);
• notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxs.

Ma'lumot uchun: davlat notarial idoralaridan birida notarius lavozimi o‘rni bo‘shaganda yoki qo‘shimcha (yangi) notarius lavozimi ta'sis etilganda tanlov malaka imtihonini topshirgan shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladi. 

Eslatib o‘tamiz, endi advokat maqomini olish va advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tish maqsadida malaka imtihonini topshirish uchun ham hujjatlarning notarial tasdiqlangan nusxalarini taqdim etish talab etilmaydi.

Shuningdek, notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi qo‘shimcha kiritildi. Notarius lavozimida ishlayotgan shaxs tanlovda ishtirok etib, g‘olib deb topish uchun yetarli ball to‘play olmagan taqdirda egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topiladi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

Ma'lumot uchun: eng ko‘p ball, biroq tanlovda to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 50%ini to‘plagan nomzod g‘olib deb hisoblanadi.

Hujjatlar 8.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid