Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ronaldu «Real»dan ketish bilan tahdid qilmoqda. Qayerga?
Madridda vaziyat og‘irlashdi va bu Krishtianuning transferi bilan yakunlanishi mumkin. Uni sotib olishga esa Yevropada faqat ikki klubning qurbi yetadi.
Agirre sizdirib chiqargan ma'lumot
Ikki oy muqaddam Ispaniyada El Chiringuito de Jugones nashri jurnalisti Edu Agirre teleefirda Krishtianu Ronaldu «Real»ni 2018 yilning 30 iyunida tark etishni rejalashtirayotgani, chunki, u klub rahbariyatidan kerakli qo‘llab-quvvatlovni his etmayotgani haqida gapirdi. Ushbu jurnalistni Ispaniyada Ronaldu bilan do‘stona munosabatlarga ega shaxs sifatida bilishadi. U «Real» va Ronaldu hayotiga oid yangiliklarni yoritib borish bilan shug‘ullanadi va ma'lumotlarni uning o‘zidan oladi. Demak, bu diqqatga arzirli bayonot edi.
Bu videoda Ronaldu jurnalistlar orasidagi Edu Agirre bilan salomlashib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Gap puldami?
Agirre yana bir chiqishida, noyabrda gap pulda emasligi, Ronaldu o‘zini hurmat qilishlarini istashini aytdi. Dekabr oyida, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi g‘oliblikdan keyin bu mavzu yana kun tartibiga chiqdi. Marca nashri navbatdagi sonini shunday muqova bilan chiqardi: «Ronaldu ko‘proq istamoqda». Gap futbolchi o‘z maoshi Lionel Messi va Neymarnikidan kamligiga chiday olmayotgandi.
Krishtianuning Madriddagi yillik maoshi miqdori 21 million yevro (bonuslar hisobga olinmaganda), bu esa Neymarning Parij klubidagi maoshi 36 million yevro va Messining yangi shartnomadagi maoshi 50 million yevro fonida juda g‘arib ko‘rinadi, albatta. Yaqindagina beshinchi «Oltin to‘p»ini qo‘lga kiritgan va tabiatan perfektsionist bo‘lgan portugaliyalik futbolchi Messining yillik maoshining 40 foizi, Neymarning yillik maoshining 60 foizi miqdorida maosh olishga qanday rozi bo‘lsin?
Qolaversa, Ronalduni haliga qadar Ispaniya soliq xizmatlari bezovta qilib turishadi va undan 14,7 million yevroni to‘lab qo‘yishni talab etishadi. Portugaliyalik futbolchining oilasi kengaygandan kengayib bormoqda - ularni boqish kerak! To‘rtinchi farzandi tug‘ilganidan keyin, noyabr oyida Ronaldu o‘z shartnomasining moliyaviy tomoni ko‘rib chiqilishini istay boshladi. Agirre orqali ma'lumot sizdirgan Ronaldu «Qirollik klubi»ga bosim o‘tkazishni boshladi. Axir u o‘zini «yaxshilarning yaxshisi» deb hisoblaydi.
Peres so‘zida turmagan
Yaqindagina Ispaniya va Portugaliyadagi bir necha manbalar Ronaldu «Real» prezidenti Florentino Peresdan qattiq xafaligini yozib chiqdi. Unga ko‘ra, klub prezidenti 2016 yilning oxirida shartnoma uzaytirilgan vaqtda bergan va'dalarini bajarmagan. Futbolchi va prezident o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, shartnomaning moliyaviy bandlari 2016/17 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra yaxshilab berilishi kerak bo‘lgan. O‘sha mavsumda esa Ronaldu boshchiligida «Real» Ispaniya chempioni va Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgandi.
Portugaliyalik futbolchi adolat nuqtai nazaridan maoshi miqdori oshirilishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo Peres «va'dalarni unutgan». Barcha ishoralari behuda keta boshlagach, uning «g‘azabi qaynay boshladi».
Biroz avvalroq esa Peres futbolchining agenti Jorjye Mendeshga mijozi uchun yangi klub axtarishni boshlashi mumkinligini aytgani haqida xabar tarqaldi. Madrid manfaatlarini himoya qiluvchi Marca nashri klub bu o‘rinda pulni emas, Krishni o‘ylayotgani haqida yoza boshladi.
Barchasi oddiy, Ronaldu keyingi oyda 33 yoshga to‘ladi. Tajribali biznesmen Peres esa uni olib qolish klubga moliyaviy zarar keltirishini anglamoqda.
Ronalduni sotib olishga kim qodir?
Yoshi o‘tayotganiga qaramasdan, Transfermarkt.de ma'lumotida uning transfer narxi 120 million yevro deb ko‘rsatilgan. Salohiyatli xaridor uning transferi uchun ko‘proq to‘lashiga ham to‘g‘ri keladi. Futbolchining transferi har qanday xarajatni qoplab bera oladi (reklama shartnomalari hisobiga). O‘tgan yilning yozida Forbes portugaliyalik futbolchining barcha jihatlarni qo‘shib hisoblagandagi narxi qanchaligini aniqlagandi - bu 400 million yevroga yaqin. Peres ham ayni vaqtda shuncha summa so‘ramoqda.
Buning ustiga yiliga 30-35 million yevrolik maoshni qo‘shish kerak, Ronaldu bundan kamiga rozi bo‘lmaydi. U kamida 3-4 yillik shartnoma istaydi, shuningdek, ko‘tarma pullari va turli bonuslar... Umuman olganda, Ronalduni tarkibga qo‘shib olishni istagan klubning zaxirasida 600-700 million yevro puli bo‘lishi talab etiladi. Bunday xarajatni esa hozirda faqat ikki klub ko‘tara olishi mumkin.
1. «PSJ». Parij klubi varianti matbuotda eng ko‘p muhokama qilinmoqda. Birinchidan, ikki klub prezidentlari do‘st hisoblanishadi. Ikkinchidan, Parijdagilar Ronalduning kelishini anchadan buyon kutishmoqda. Uchinchidan, Madriddagilar Neymarning kelishini anchadan buyon kutishmoqda. Bu o‘rinda ideal variant - ikki klub o‘z yetakchilarini almashishi bo‘ladi. Shunisi aniqki, Parij klubining qatarlik xo‘jayinlari Ronalduni qanoatlantiruvchi maoshni to‘lay olishadi.
2. «Manchester Yunayted». Futbolchi bir necha marta sobiq klubiga qaytish istagini bildirgan. Agar Joze Mourino Manchester jamoasida murabbiylik qilishni davom ettirsa, Ronaldu bu klubga bajonidil qaytadi. Ushbu ikki shaxs o‘rtasida qalin munosabatlar mavjud. Ularning tandemi o‘z vaqtida Madridda ancha muvaffaqiyatli ishlagan.
Endi nima bo‘ladi?
Ko‘rinishidan, Peres Ronalduning maoshini oshirishga rozi emas. Futbolchi esa «Real»da qolishi uchun shartlari bajarilishini talab etadi. Bu vaziyat o‘zgarishi ham mumkin, futbolda hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Ammo ko‘p ehtimolki, yozda, jahon chempionatidan keyin Krishtianu klubini o‘zgartiradi. U qanday tanlovni amalga oshirishidan qat'i nazar, «Real» uning o‘rnini tezda to‘ldirishi mumkin. Madrid taxtini kim egallashini aniq ayta olmaymiz, ammo u ko‘p vaqt bo‘sh turmaydi.
Mavzuga oid
12:37 / 18.06.2026
JChda 7-kun. Ronaldu Messiga javob qilolmadi, Angliya shou uyushtirdi
18:03 / 11.06.2026
Messi va Ronalduda 6-mundial, Mbappe Klozedan o‘tishi mumkin. JCh-2026 intrigalari
12:14 / 08.06.2026
Peres saylovda g‘alaba qozondi
21:55 / 05.06.2026