O‘zbekiston | 14:22 / 24.01.2018
5931
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kitob tarqatuvchilar assotsiatsiyasi tuziladi

Foto: listchallenges

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Kitob tarqatuvchilar assotsiatsiyasi tuzilayotganini ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 13 sentabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarorida kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq muhim vazifalar yuklatilgan.

Mamlakatda yiliga 3 ming nomdan ziyod, qariyb 60 mln. nusxada adabiyotlar nashr etilmoqda. Lekin ularni joylarga arzon narxlarda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish masalasida muammolar mavjud. Shuni hisobga olib, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi huzurida Kitob tarqatuvchilar assotsiatsiyasi tuzilishi belgilandi.

Mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi kitob sotuvchilarni bir jamoat tashkiloti atrofida jipslashtirish bo‘lib, ularni tashkiliy, uslubiy, ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizdagi nashriyotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashish, kitob savdosi menejmentiga o‘rgatish, o‘quvchilarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, nashriyotlarning nashr rejalarini shakllantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. 

Umuman olganda, mazkur assotsiatsiya kitob tarqatish tizimini yanada rivojlantirish, ularni sotish bo‘yicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi. Shu kunlarda assotsiatsiyaning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid