O‘zbekiston | 12:55 / 02.02.2018
68574
9 daqiqa o‘qiladi

Nozik masala: Mirziyoyev Rahmon bilan nimalar haqida kelishadi?

Foto: news.tj

Ikki davlat o‘rtasidagi bosh muammo hamon Rog‘un GESining qurilishi bo‘lib turibdi, deb boshlaydi o‘z tahliliy maqolasini 365info.kz.

Eriyotgan muzlar

Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning martida Tojikistonga davlat tashrifi bilan kelmoqchi. Bu O‘zbekiston rahbarining Markaziy Osiyoda tashrif buyurgan so‘nggi davlati bo‘ladi. Toshkentdagi «Markaziy Yevroosiyo» tahliliy guruhining rahbari Vladimir Paramonovning aytishicha, Mirziyoyevning bu qadar hayallaganiga sabab — tashrif juda uzoq va batafsil tayyorlandi — juda ko‘p narsalar muhokama qilinishi kerak. Paramonov bu boradagi o‘z fikrlarini «Sodrujyestvo» portaliga bergan intervyusida hikoya qilib bergan.

Yaqindagina Toshkent viloyati xalq deputatlari bilan uchrashuvda chiqish qilar ekan, Shavkat Mirziyoyev Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalari yo‘lga qo‘yilishini ta'kidlab o‘tgan edi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

— Biz ko‘plab bitimlarni imzolaymiz, temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yamiz, yagona energiya tizimini tiklaymiz va boshqa ko‘plab masalalarni muhokama qilamiz, — deya va'da berdi Prezident deputatlarga. To‘g‘ri, u «20 yillik muzlarni eritish oson bo‘lmasligi»ni ham qayd etib o‘tishni unutmadi.

Yanvar oyi boshida O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov Tojikistonda bo‘ldi, Imomali Rahmon bilan savdo-iqtisodiy va chegaralarni delimitatsiya qilish masalalarini muhokama qilib qaytdi. Bu esa ikki mamlakat munosabatlarida ma'lum bir siljishlar borligini namoyon etadi.

Foto: Tojikiston prezident matbuot xizmati

Bunga dalil sifatida erishilgan kelishuvlarni misol qilib keltirish mumkin:

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi vizani bekor qilish masalasi ishlab chiqildi, davlat chegarasining eng ixtilofli uchastkasi — Farhod GESiga doir muammo muhokama etilgan.

Suv uchun urush

Paramonovning qayd etishicha, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi muammolar O‘zbekiston mintaqaviy siyosatida eng murakkabi hisoblanadi.

— Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi bilan bog‘liq cho‘zilishlar mana shu bilan tushuntiriladi. Ikki davlat rahbarlarining ushbu muammolarni hal etish uchun aniq chog‘lanishi borligi, boz ustiga, qisqa vaqt ichida mamlakatlar o‘ta muhim kelishuvlarga erishish uchun juda yaqinlashgani ham yaqqol ko‘rinib turibdi, — degan u portalga bergan intvervyusida.

Yuqorida tilga olib o‘tilgan muammolar ichida quyidagilari asosiylari bo‘lib qolmoqda:

  • Rog‘un GESining qurilishi va foydalanishga topshirilish atrofidagi muammolar majmuasi;
  • chegara va hududlarga oid muammolar;
  • transport qatnovini yo‘lga qo‘yish va umuman, iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish;
  • birgalikdagi harakatlarni yengillashtirish;
  • o‘zaro ishonch choralarini ko‘rish.

Ekspertning fikricha, Rog‘un GESi bo‘yicha kelishuv eng asosiysi bo‘lishi mumkin.

Foto: news.tj

Paramonovning o‘zi loyihaning hozirgi ko‘rinishiga butkul qarshi va «O‘zbekiston tomoniga, garchi formal bo‘lsa ham, uni ma'qullashda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik»ni maslahat beradi.

— Bunday ma'qullash sirasiga obektga tashrif buyurish, loyihada aksiyador sifatida yoki boshqa bir ko‘rinishda ishtirok etish bo‘lishi mumkin, — deya aniqlik kiritadi tahlilchi.

Odamlar bilishi kerak emas

Paramonovning hisoblashicha, O‘zbekistonning yangi rahbariyati «suv mavzusi bo‘yicha ham ayrim kelishuvlarga erishish uchun chog‘langan». U bir qator tahliliy ilmiy loyihalar va tadqiqotlar o‘tkazib bo‘linganini ham e'tibordan qochirmayapti. Garchi, keng jamoatchilik bundan bexabar bo‘lsa ham.

Agar O‘zbekiston Rog‘un masalasida o‘z pozitsiyasini aniq belgilab olsa, Tojikiston va xalqaro tashkilotlar ushbu GES O‘zbekistonga va mintaqaning boshqa davlatlariga siyosiy bosim o‘tkazish quroliga aylanmasligini kafolatlovchi mexanizmlarni ishlab chiqadi.

— Aminmanki, O‘zbekistonni qoniqtiruvchi kompensatsiyalarning aniq mexanizmi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi kerak. Masalan, eng yomon ssenariylar — GES to‘g‘onining buzilishi, katta miqdorda suv qo‘yib yuborilishi yoki aksincha, O‘zbekiston hududiga suv o‘tkazilishining sezilarli tarzda kamaytirilishi kabi holatlarda, — deydi Paramonov.

Uning fikricha, qolgan muammolarning barchasini hal qilsa bo‘ladi. Ular bo‘yicha qandaydir kelishuvlarga erishib ham bo‘lingan, qolganlari yaqin kunlarda paydo bo‘ladi.

— Barcha kelishuvlarning ekspertlik, tahliliy va ilmiy jihatdan asoslanganligi, shuningdek, eng kamida, u yoki bu kelishuvlar qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida prognoz qilishga urinish prinsip jihatidan muhim hisoblanadi, — deydi Paramonov.

Masalan, chegara rejimining erkinlashtirilishi o‘tgan asrning 90-yillari so‘ngi misoli narkotahdid darajasining ortishiga olib kelmaydimi?

Krimogen vaziyat yomonlashishidan tashvishga tushmasak ham bo‘ladimi? Islomiy radikallar guruhlarining Afg‘onistondan Tojikiston hududi orqali yorib kirishidan tashvishlanmasak ham bo‘laveradimi?

Ziddiyatlardagi insoniy omillar

Ekspertning fikricha, ikki prezident uchrashuvining kun tartibi hamon shakllantirilmoqda va «ko‘p narsa tashrif oldidan oydinlashadi».

— Ko‘p umid qilamanki, tashrif mobaynida ikki tomonlama munosabatlar kun tartibida turgan masalalar majmuasi aniq, tanqidiy tahlil asosida ko‘rib chiqiladi, bosh muammolarimiz ochiq-oydin sanab o‘tiladi, pozitsiyalar belgilab olinadi va ikki mamlakat va butun mintaqa manfaati yuzasidan yechimlar taklif etiladi, — dedi Paramonov.

Ekspertning ta'kidlashicha, amalda doimo elementar omilkor emaslikdan boshlanib, ochiqchasiga sabotaj qilish kabi inson omili bilan bog‘liq qandaydir salbiy vaziyatlar yuzaga keladi.

— Nazarimda, mana shunday salbiy vaziyatlarning ta'sirini kamaytirish uchun O‘zbekistonning ham, Tojikistonning ham rivojlanishi yo‘lidagi tizimli muammolarni bartaraf etish kerak. Bu muammolar ekspertlik, tahliliy va ilmiy ta'minotning kuchsizligi yoki yo‘qligi, ularning ichki va umuman, tashqi siyosatdagi kelishuvlar, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlarga joriy etilmaganligi bilan chambarchas bog‘liq, — dedi tahlilchi analitik.

O‘zbekistonda zarur tahliliy markazlar, institutlar barpo etish, kerakli kadrlarni tayyorlashga bir necha bor urinishlar bo‘lgan. Biroq, ekspertlik, tahlilchilik va ilmiy ishlar hanuzgacha yo‘lga qo‘yilmagan.

— Albatta, allaqanday yopiq tadqiqotlarning butun bir segmenti mavjud, biroq ularning sifatini baholash juda va juda qiyin. Boz ustiga, bu tadqiqotlarni keng jamoatchilikni u yoqqa qo‘yib turing, hattoki o‘z ekspertlik yoki ilmiy hamjamiyatiga ko‘rsatishga yo qo‘rqishadi yoki buni istashmaydi, — dedi Paramonov.

Olimlar kimga kerak?

Pirovard natijada, turli tahliliy tuzilmalar nima bilan shug‘ullanayotgani, ulardan o‘zi foyda bor-yo‘qligi mutlaqo tushunarsiz.

Umuman olganda, na o‘zbek, na tojik ilmiy institutlari va markazlari hozircha na o‘zaro munosabatlar, na boshqa davlatlar bilan munosabatlar masalalarida siyosatni ekspertlik fikri bilan ta'minlash vazifasini uddalay olishmoqda, deb hisoblaydi Paramonov.

— Har qanday iqtisodiy kelishuvlar ularning tizimli va multiplikativ samarasi nuqtai nazaridan intizomiy baholanishi kerak. Bu holatda ikki davlat o‘zaro hamjihatligini kardinal ravishda o‘zgartirishni ta'minlovchi, hududiy iqtisodiy integratsiya jarayonlarini prinsipial tezlashtiruvchi, lokomotiv bo‘la oluvchi iqtisodiy loyihalarni izlab topish kerak. Bu lokomotiv loyihalarsiz ikki tomonlama munosabatlarda biror-bir ilg‘orlash haqida gap ochib bo‘lmaydi. Umid qilamanki, buni Toshkentda ham, Dushanbeda ham juda yaxshi tushunib turishibdi», — deya o‘z fikrlarini yakunlagan Paramonov.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid