Jamiyat | 13:40 / 25.02.2018
82348
4 daqiqa o‘qiladi

«Xaritada nomi yo‘q qishloq» uchun ajratilgan pulni kim tuya qildi?

Tahririyatimizga Jizzax viloyatidan kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish asnosida Zomin tumanidagi «O‘rtaqishloq» mahalla fuqarolar yig‘inidagi suv bilan bog‘liq va muammolar e'tiborimizni tortdi. Biz — jurnalistlar shikoyatni o‘z joyida o‘rganish maqsadida O‘rtaqishloqqa qishlog‘iga yo‘l oldik...

«O‘rtaqishloq» MFYga qarashli ushbu qishloq tuman markazi Zomin shaharchasidan Jaloyir qishlog‘i orqali Kultepa qishlog‘iga eltuvchi yo‘ldan chap tomonda, ichkariroqda joylashgan. Qishloqqa olib boruvchi yo‘l toshloqdan iborat. Umuman asfalt ko‘rmagan. Mahalla oqsoqoli Fayzulla Dushanovning bizga tushuntirishicha, yo‘lsozlarga bu borada murojaatlari ham qator yillardan buyon javobsiz qolib ketmoqda. Qishloq yo‘li nosozligi tufayli qishloqdan avtobus va boshqa ulovlar o‘tmaydi. Tuman va viloyat markaziga borish uchun qishloq aholisi kilometrlab yo‘l bosib, katta ko‘chaga chiqishlari kerak bo‘ladi. Mutasaddilardan «sizlar umuman xaritada yo‘q qishloqsizlar», degan javobni ham eshitishgani hayratlanarli, albatta.

Lekin 170dan ziyod xo‘jalik istiqomat qiluvchi xo‘jalikni asosan suv muammosi qiynab kelmoqda. Tog‘ etagidagi vodiyda, unumdor yerlar suvsizlikdan qaqramoqda. Aholi o‘ziga tegishli tomorqa xo‘jaliklarida ham ro‘zg‘ori uchun biror narsa yetishtirolmay qiynalib kelmoqda.

Qishloqda ichimlik suvi muammosi bir qadar hal qilingan. Maktab oldida butun bir qishloq uchun yagona artezian qudug‘i ishlab turibdi. U ham qishloqda elektr toki bo‘lsagina ishlaydi. Odamlar turli idishlarga suv to‘ldirib, kundalik turmushda foydalanishmoqda. Lekin tomorqalarni sug‘orish uchun suv yo‘q.

Ushbu voqeada eng hayratlanarli tomoni shundaki, viloyat hokimligi «Qishloq hayoti» gazetasida ushbu qishloqni suv bilan ta'minlash maqsadida tender tanlovi e'lon qilgan. Davlat tomonidan hayitkultepaliklarni suv bilan ta'minlash maqsadida kerakli choralar ko‘rilgan. Tender tanlovini «Golden Dream» korxonasi yutib olgan. So‘ngra texnik shartlar asosida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Qishloqqa qo‘shni Kultepa qishlog‘idan quvurlar tortilgan. Kultepaning o‘zida suv ayirg‘ich yopiq hovuz bunyod etilgan. O‘rtaqishloqning o‘zida suv yig‘uv katta bochka o‘rnatilgan...

Lekin bochkaga ham, qishloqqa suv kelmayapti. Chunki loyiha ishlar «mendan ketguncha egasiga yetguncha» qabilida bajarilib, davlat byudjyetining millionab mablag‘lari osmonga sovurilgan. Loyihada ko‘rsatilgan 160 millimetrlik quvur o‘rniga 110 millimetrlik quvur ishlatilgan. Uni ko‘mish, o‘tkazish, montaj qilish ishlari risoladagidek bajarilmagan. Sanitariya, gigena normalariga mutlaqo amal qilinmagan. Quvurlar aholining molxona va hojatxonalaridan yiroqroqdan o‘tkazilishi kerak bo‘lsa-da, bunday talablarga amal qilinmagan.

Qishloqdoshlari nomidan mana shu ishlar bilan shug‘ullanib, mutasaddi idoralar eshigini qoqayotgan Nurillo Allaberdiyevning aytishicha, qishloq ahlining bu boradagi kollektiv murojaatlari endilikda javobsiz qolmoqda. Paydo bo‘lgan muammolar oldida mutasaddilar yelka qisishdan o‘zga chora topisholmayapti.

Shuhrat Shokirjonov,
Aziz Qarshiyev.
Kun.uz muxbirlari

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid