Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp AQSh Eron bilan yadroviy kelishuvdan qanday shartda chiqishini aytdi
AQSh prezidenti Donald Trampning Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashuv davomida ma'lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Eron bilan yadroviy kelishuvdan chiqishi mumkin. Bu agarda Buyuk Britaniya, Fransiya hamda Germaniya kelishuvda «jiddiy o‘zgarishlarga» erisha olmasa yuz beradi. Bu haqda Axios portali isroillik nomi oshkor etilmagan manbalarga asosan xabar qildi.
Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp va Netanyahu Oq uyda 5 mart kuni uchrashgan hamda asosan Eronni muhokama etishgan.
AQSh prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Yevropa ittifoqi mamlakatlari Eron bilan kelishuvga faqat «kosmetik» o‘zgarishlarni taklif qilyapti. Trampning ta'kidlashicha, agarda uning global o‘zgarishlar bo‘yicha talablari bajarilmasa, AQSh kelishuvdan chiqib ketadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens agarda Eron yadroviy kelishuvi qayta ko‘rib chiqilmasa, AQSh undan darhol chiqishi haqida ma'lum qilgandi.