O‘zbekiston | 22:55 / 31.03.2018
7219
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek kursantlari xalqaro olimpiadada sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritdi

2018 yil 26-30 mart kunlari Armanistonning Yerevan shahridagi Monte-Melkonyan harbiy kollejida kursantlar o‘rtasida chet tili yo‘nalishi bo‘yicha Xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi. Unda ilk marotaba qatnashgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari xorijiy til sohasida ham kuchli davlatlarlar oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlariga munosib raqib ekanliklarini isbotlashdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi KUN.UZ’ga ma'lum qildi. 

Mudofaa vazirligiga qarashli O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari “Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik” dasturi tayyorlash markazi ingliz tili kafedrasi mudiri Ilya Zverev boshchiligida Yerevanga yo‘l olgan Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 3-bosqich kursanti Abbos Rahimjonov va 2-bosqich kursantlari Laziz Rahimov, Bekpo‘lat Boqijonovlardan iborat jamoa yakuniy natijalarga ko‘ra, Xalqaro olimpiadada faxrli uchinchi o‘ringa munosib, deya e'tirof etildi.

Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi
Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi

Mazkur olimpiadada Rossiya Federatsiyasi, Belarus, O‘zbekiston va Qozog‘iston respublikalari hamda mezbon davlat kursantlaridan iborat 9 jamoa ishtirok etdi. 
Xalqaro olimpiadaning eng yuqori pog‘onasidan Rossiya Harbiy universiteti kursantlari joy olgan bo‘lsa, Armanistonning Vazgen Sarkisyan nomidagi Harbiy universiteti jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. 

Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi
Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi
Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston sharafini xalqaro musobaqada munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar 1 aprel kuni I. Karimov nomidagi Xalqaro aeroportida kutib olinadi. 

Kursantlar o‘rtasidagi Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslari (matematika bo‘yicha) 2-6 aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Radioelektronika va aloqa harbiy-muhandislik institutida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston sharafini Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari himoya qiladi.

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid