Sport | 21:36 / 07.04.2018
16563
2 daqiqa o‘qiladi

«5:0». Surxon o‘g‘loni Sanjar Tursunov Termizda g‘alaba qildi

Butunjahon boks seriyasi — WSB toifasiga kiruvchi musobaqada ishtirok etayotgan «Uzbek Tigers» va «Venezuela Caciques» jamoalari o‘rtasidagi boks kechasining beshinchi jangi bo‘lib o‘tdi.

-91 kg vazn toifasida ringga chiqqan Sanjar Tursunov «Venezuela Caciques» vakili Xuan Visente Diasga qarshi jang o‘tkazdi. Bahs referesi ikkinchi raundda Tursunov foydasiga hisobni ochdi. To‘rtinchi raundga kelib, refere yana bir marta Sanjar foydasiga hisobni qayd etdi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, besh raund davom etgan jangda hakamlar qaroriga ko‘ra «Uzbek Tigers» vakili, Surxon o‘g‘loni Sanjar Tursunov 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Bu jangdan so‘ng «Uzbek Tigers» - «Venezuela Caciques» jamoalari o‘rtasidagi umumiy hisob 5:0 ko‘rinishini oldi.

Shunday qilib, C1 jamoa o‘yinlari yakuniga yetdi. Shu kunning o‘zida C2 jamoasidan o‘rin olgan janglar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz: Dastlabki bahsda -49 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Nodirjon Mirzaahmedov «Venezuela Caciques» vakili Luis Vaskes Polankoning diskvalifikatsiya qilinishi tufayli g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng -56 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Shahobiddin Zoirov raqibi Yoel Finol​ni 3:0 hisobida yengdi. -64 kg vazn toifasida esa o‘zbekistonlik bokschi Aliyor Noraliyev ringdagi raqibi Kristian Palasioni ham xuddi shu hisobda mag‘lub eta oldi. To‘rtinchi bahsda -75 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Isroil Madrimov​ venesuelalik bokschi Keyber Gonsales​ ustidan g‘olib bo‘ldi.

Mavzuga oid