Sport | 18:00 / 08.04.2018
25428
4 daqiqa o‘qiladi

Madrid uchun jang. Hafta derbisi anonsi

Foto: AFP

Oltin medal masalasi hal bo‘lgan turnirda kumush medal uchun ikki Madrid jamoasi kurash olib bormoqda. Ayni vaqtda «hindular» raqibidan 4 ochko oldinda.

Yevrokuboklar haftasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lishiga qaramasdan bu o‘yinda jamoalarning tarkibda sezilarli rotatsiyalar qilishiga ishonish qiyin. Boz ustiga «Real» va «Atletiko» chorak final masalasini deyarli hal qilib bo‘lishdi. Endi esa bor e'tiborni Madrid uchun jangga qaratish ham mumkin.

Kim o‘yinni TV qarshisida ko‘radi?
Zidanda jiddiy yo‘qotishlar yo‘q: faqatgina Nachoda biroz jarohat mavjud, ammo buni qo‘rqinli deb bo‘lmaydi, sababi Karvaxalda barchasi joyida. Shuningdek, derbida Ashraf, Valexo, Sebalos va Mayoral ishtirok etmaydi – shunchaki ular murabbiy tomonidan qaydnomaga kiritilmagan.

«Atletiko»da ikkita jiddiy yo‘qotish bor: Felipe Luis va Ximenes davolanmoqda. Ikkalasi ham «Santyago Bernabeu»da bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Vrsalkoda esa imkoniyat bor: u jarohatidan to‘liq tuzalib ulgurdi.

Jamoalardagi vaziyat
Kostaning «Atletiko»ga qaytishi foydali bo‘lib chiqdi: so‘nggi 15 uchrashuvda «hindular» faqatgina ikki marta («Barsa» va «Vilyarreal») imkoniyatni boy berdi. Simeone jamoasi bilan Yevropa Ligasi yarim finaliga deyarli chiqib bo‘ldi. Endi hech kim jamoani La Liganing kuchli uchligidan chiqarib yubora olmasa kerak. Munosib mavsum.

«Real»da hammasi ajoyib. Mavsum yakuni arafasida «Madrid» dahshatli sport formasiga kirdi va so‘nggi 12 uchrashuvda 11 g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jumladan «PSJ» (ikki marta) va «Yuventus» mag‘lub etildi. Bahor boshlanganidan buyon madridliklar 6 uchrashuv o‘tkazib barchasida g‘alaba qozondi, bu o‘yinlarda urilgan 19 goldan 11tasi Krishtianu Ronaldu hisobiga yozildi. Portugaliyalik hujumchisi va Zizuda hozir «pik» davr.

Yuzma-yuz — faktlar
Bu to‘qnashuv barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda, 219-marta Madrid uchun kechayotgan jang bo‘ladi. «Real» ularning yarmida g‘alaba qozongan – 109  marta.
«Real» mana 4 uchrashuvdirki, La Liga doirasida «Atletiko»ni «Santyago Bernabeu»da o‘ynab yuta olmayapti (1 durang va 3 mag‘lubiyat).
«Madrid» La-ligada 228 marta darvozaga aniq zarba berdi – bu hozircha eng yaxshi ko‘rsatkich.
«Atletiko» esa 96 marta o‘z darvozasiga aniq zarba yo‘llanishiga qo‘yib berdi.
Ronaldu «Atletiko» qarshi 30 o‘yinda 21ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. U derbidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi.
So‘nggi 11 uchrashuvda Grizmann 13ta gol va 4ta golli uzatmani amalga oshirdi.

O‘yin
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 19:15da boshlanadi. G‘alaba qozongan jamoa kumush medal uchun kurashda imkoniyatlarini yaxshilab oladi. Ko‘ramiz va kuzatamiz. Madrid qaymoqrangmikan, yoki qizil-ko‘k?

Azamat Murodov tayyorladi

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid