Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik kursantlar IV Xalqaro olimpiadadan sovrin bilan qaytishdi
2-6 aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahridagi harbiy-akademik litsey hududida MDHga a'zo davlatlar mudofaa vazirliklarining kursantlari o‘rtasida matematika yo‘nalishi bo‘yicha Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari uchinchi o‘ringa egalik qilishdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining katta o‘qituvchisi Ra'no Yusupova boshchiligida kursantlar Shahzodbek Rustamov, Bobur Abdurashidov, Jabbor Muhammadiyev va Sarvar Noraliyevlar galdagi Xalqaro olimpiadaning ikkinchi yo‘nalish (matematika bo‘yicha) Armaniston, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston mamlakatlarining harbiy matematiklari bilan o‘zaro bilim sinashdi va O‘zbekiston sharafini himoya qilishdi.
Birinchi o‘rin Rossiya Federatsiyasi Harbiy universiteti vakillariga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni qozog‘istonlik harbiylar egalladi. G‘olib va sovrindorlar kubok, medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
O‘zbekiston sharafini xalqaro musobaqada munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar 8 aprel kuni Toshkent vokzalida kutib olinadi.
Kursantlar o‘rtasidagi Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslari (informatika bo‘yicha) 16-20 aprel kunlari Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadi. Unda Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakulteti kursantlari ishtirok etadi.