Jahon | 09:00 / 15.04.2018
3705
2 daqiqa o‘qiladi

Bugun Chernogoriyada prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi

Foto: EPA/BORIS PEJOVIC

15 aprelda Chernogoriyada prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Prezident saylovlarida mamlakatning eng mashhur siyosatchisi 56 yoshli Milo Jukanovich favorit hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, siyosatchi saylovlarning 1-bosqichidayoq 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘play oladi.

Sobiq Yugoslaviya davlatlari ichidagi eng kichigida ko‘p partiyali tizim kiritilgan 1990 yildan keyin yettinchi marta prezident tanlanadi. 

Amaldagi prezident Filip Vuyanovich mamlakatni 15 yil boshqargandan so‘ng vakolatlarini topshirmoqda. Chernogoriyada prezident 5 yillik muddatga saylanadi va bu lavozimni qatorasiga 2 martadan ko‘p egallay olmaydi. Biroq 2003 yilda birinchi marta prezident etib saylangan Vuyanovich bilan vaziyat o‘zgacha bo‘lgan. Chernogoriya 2006 yilda Serbiya va Chernogoriya ittifoqidan chiqib, mustaqilligini e'lon qilgandan keyin Vuyanovich mandati boshqatdan hisoblangan.

15 aprelda mamlakatda 1,2 mingdan ko‘proq saylov uchastkasi soat 7.00dan soat 20.00gacha ishlaydi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Chernogoriyada 532599 kishi ovoz berish huquqiga ega.

Prezident lavozimiga umumiy hisobda 7 nomzod da'vogarlik qilmoqda. Bular: Marko Milachich, Mladen Boyanich, Xazbiya Kalach, Vasiliye Milichkovich, Dobrilo Dedeyich, Milo Jukanovich va yagona ayol nomzod Draginya Vuksanovich. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid