Jamiyat | 12:00 / 20.04.2018
20538
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari uchun qanday imtiyozlar bor?

Har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining alohida Farmoni bilan 9 may umumxalq bayrami arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari bir martalik pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantirilib kelinmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi Farmoni bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari 5 000 000 (besh million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Avvalgi yillari, xususan, 2017 yilda bir martalik pul mukofoti - 2 000 000 (ikki million) so‘mni, 2014 yilda – 600 000 (olti yuz ming) so‘mni, 2013 yilda esa – 500 000 (besh yuz ming) so‘mni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, 1941 – 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari o‘zlari uchun maqbul muddatlarda yiliga bir marta O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari sanatoriylarida o‘n ikki kunlik sog‘lomlashtirish kursidan tekin o‘tish huquqiga ega.

Ushbu faxriylar sog‘lomlashtiriladigan sanatoriylar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va «Nuroniy» jamg‘armasi tomonidan belgilanadi hamda har yili 1 oktabrgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga tasdiqlash uchun kiritiladi.

1-guruh nogironligi bo‘lgan urush va mehnat fronti faxriylari bir nafar kuzatuvchi shaxs uchun qo‘shimcha tekin yo‘llanma olish huquqiga ega.

Shuningdek, faxriylar temir yo‘l transportida bepul yurish va havo transportida imtiyozli uchish huquqi mavjud.

1-guruh nogironligi bo‘lgan urush va mehnat fronti faxriylari o‘zlarini kuzatib borayotgan bir nafar shaxs uchun ham bepul va imtiyozli yurishga chipta olish huquqiga egadirlar.

Mavzuga oid