Iqtisodiyot | 11:38 / 05.05.2018
12758
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Xitoy o‘zaro savdo urushini to‘xtatish shartlarini ma'lum qilishdi  

Pekinda AQSh va Xitoy o‘rtasida 2 kun davom etgan savdo muzokaralari besamar tugadi. Biroq tomonlar bajarilishi dunyoning eng katta iqtisodiyotlari o‘rtasidagi savdo urushining oldini oladigan o‘zaro talablar bilan almashishdi. Tomonlar ba'zi bandlar bo‘yicha kelisha olishgan, ba'zilari bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolgan. 

AQSh delegatsiya rahbari, AQSh moliya vaziri Stiven Mnuchin muzokaralarni “ juda yaxshi” deya baholagan.

Stiven Mnuchin
Foto: Jason Lee / Reuters

AQSh Xitoyga “so‘rovlar ro‘yxatini” taqdim qilgan. Unda Vashington Xitoydan 2020 yil oxirigacha 2018 yilga nisbatan savdo defitsitini kamida 200 mlrd dollarga qisqartirishni so‘ragan. 2017 yilda AQShning Xitoy bilan savdo defitsiti 375,7 mlrd dollarni tashkil qilgan yoki bu AQSh umumiy savdo defitsitining 46 foizini tashkil qiladi.    

Vashington, shuningdek, Pekindan “Xitoyda ishlab chiqarilgan 2025” dasturi doirasida ba'zi subsidiyalardan voz kechishni, intellektual mulkka huquqlarni himoyalashni kuchaytirishni, AQShning cheklovlariga javob choralari qo‘llashdan tiyilishni so‘ragan. 

Xitoy, o‘z navbatida, AQSh mahsulotlari importini oshirish va ulardan ba'zilari, jumladan avtomobillarga tariflarni kamaytirishni taklif qilgan. Pekin Vashingtondan milliy xavfsizlik manfaati yo‘lida Xitoy investitsiyalarini tahqirlamaslikni, yangi sarmoyalarni cheklashdan to‘xtashni, Xitoyning 100 dan ko‘proq mahsulotlariga 25 foizlik bojdan voz kechishni, intellektual mulk o‘g‘irlanishi bo‘yicha yangi tergovlarni olib bormaslikni, AQShning davlat xaridlari bozoriga Xitoyning texnologik mahsulotlari va xizmatlariga yo‘l ochishni, Xitoy kompaniyalari uchun AQSh elektron bozorini ochishni so‘ragan.

Xitoy shuningdek AQShdan Xitoyda telekommunikatsiya uskunalari va mobil telefonlar ishlab chiqaruvchi 2-raqamli kompaniya ZTE’ning unga 7 yilga AQSh mahsulotlari va texnologiyalari yetkazilishiga kiritilgan taqiqlov bo‘yicha appelyatsiyasini ko‘rib chiqishni hamda China International Capital investitsion kompaniyasiga moliyaviy faoliyat yuritishga litsenziya berishni so‘ragan.

“AQShning savdo defitsitini qisqartirish talabi asossizdir va Xitoy hukumati tomonidan bajarila olinmaydi. Juda bo‘lmasa tomonlar muzokaralarni davom ettirishga qaror qilishgani tahsinga sazovordir, biroq savdo urushi bo‘lishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi”, deb aytgan Xitoy va globallashuv markazi direktori o‘rinbosari Xe Veyven.

Xe Veyven
Foto: Chjan Vey/China Daily

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid