Jamiyat | 01:19 / 16.05.2018
32659
3 daqiqa o‘qiladi

Telegram'da dugonalarining suratlarini tarqatgan qiz jazolandi

Foto: Reuters

Joriy yilning 19 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat Qiziriq tuman sudida sudya B.Madaminov boshchiligida S. ismli shaxsga nisbatan (jinsi ayol) jinoiy ish ko‘rildi.

Sudlanuvchi S. ismli shaxs o‘ziga tegishli bo‘lgan “Samsung Galaxy A3” rusumli uyali telefon apparatidan bir necha raqamlar orqali “Telegram” messenjerida ro‘yxatdan o‘tgan.

Tanishlarining fotosuratlariga uyatli so‘zlarni yozib (ular fohishabozlik bilan shug‘ullanishi va pul evaziga jinsiy aloqaga kirishishi), ularni “Telegram” messenjeridagi “Qiziriq City” nomli guruhga joylashtirgan. Qizlarning sha'nini tahqirlaydigan uydirmalarni tarqatgan. 

Bundan tashqari o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqami orqali 2018 yil yanvar oyida internet tarmog‘idagi “Telegram” messenjerida “…….” nomli taxallus bilan ro‘yxatdan o‘tib, dugonalarining fotosuratlariga uyatli so‘zlar yozgan. Mazkur fotosuratlarni “Telegram” messenjeridagi “Qiziriq City” nomli guruhga joylashtirgan. Fotosuratlarning pastki qismiga “Kim ular bilan jinsiy aloqada bo‘lsa, SPID (OITS) bo‘ladi, ular bilan faqat g‘ayritabiiy usulda jinsiy aloqa qilish kerak” degan mazmunda so‘zlar yozib, ularning sha'ni hamda qadr-qimmatini beodoblik bilan tahqirlagan.

Sud S.ismli shaxsni O‘zbekiston Respublikasi JKning 139-moddasiga ko‘ra, tuhmat qilish hamda 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sudlanuvchiga nisbatan ish haqining 20 foiz miqdori davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish yuzasidan fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi borligi uqtirildi.

Hukmdan norozi taraflarga tegishli muddatlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida yuqori turuvchi sudga shikoyat qilish yoki protest bildirish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Mavzuga oid