O‘zbekiston | 22:17 / 17.05.2018
26251
5 daqiqa o‘qiladi

Koinotda astronavt, kosmonavt... va o‘zbek fazogiri ham bo‘ladi

Foto: Getty Images

G‘arb matbuoti SSSR va AQSh hamkorligini turlicha farqlar bilan ifoda etishni xush ko‘rgan. Masalan, bir xil kasb bo‘lsa-da, Nyu-York Tayms gazetasining «Astronavt va kosmonavtning uchrashuvi» sarlavhali maqolasi tez orada juda mashhur bo‘lib ketdi. Aslida, bu millatlarning bitta kasb egasini qanday atashidan boshqa narsa emas. Qolaversa, ularni Germaniyada - raumfarer, Xitoyda - taykonavt, Hindistonda esa viomanavt deb atashadi.

Tez orada jahon hamjamiyati yangi termin bilan tanishib chiqishga majbur bo‘ladi: fazogir!

O‘zbekiston MDHda 27 yil mobaynida kosmonavtika sohasiga yosh mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Rossiyadan keyingi o‘rinda turadigan mamlakat hisoblanadi. Ammo muayyan soha bo‘yicha erishilgan natijalar maqtanishga arzimaydi. Har yili yoz faslida Toshkent viloyatidagi «Koinot» bazasi yonbag‘ir ko‘rkam tog‘ hududlarida yosh fazogirlarni kasbga tayyorlash mashg‘ulotlarini inobatga olmasak, mamlakatning aerokosmik yo‘nalishdagi rivoji to‘xtab qolganday.

Joriy yilning 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi imzolangandi. Farmoyishga ko‘ra, milliy kosmik fanini rivojlantirish, mamlakatni innovatsion ravnaq toptirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni tayyorlovchi Ishchi komissiya tuzildi. Kosmik va yo‘ldoshli texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosatini o‘rnatish orqali kosmik sohani boshqarish ustidan butun bir tizimni yaratish —  Ishchi komissiyaning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, qisqa fursat ichida Fransiyaning mudofaa maqsadidagi hamda yuqori texnologik mahsulotlarni yetkazib beruvchi  Thales International kompaniyasi O‘zbekiston bilan sun'iy yo‘ldoshlar va sun'iy yo‘ldosh uskunalarini ishlab chiqish hamda ishlab chiqarish sohasida hamkorlik qilishni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘ldi.

Xabar qilinishicha, kompleks kosmik tizimlar bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish, jumladan, turli maqsaddagi sun'iy yo‘ldoshlarni uchirish va boshqarish, shuningdek mahalliy mutaxassislarni tayyorlash uchun O‘zbekiston hududida texnologik bazani tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday maqsadlar haqida  ilk marta Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma'lum qilgandi.

«25 yil davomida bu sohada faoliyat olib bormadik va aerokosmik hududimizda bizda egalik yo‘q. Shundan kelib chiqib, bu sohada hozir strategik rejalar ishlab chiqilyapti, qo‘yiladigan eng katta qadamlardan biri – yaqin vaqtlar ichida o‘zimizning sun'iy yo‘ldoshlarimizni uchiramiz. O‘zbekistonning aerokosmik hududida sun'iy yo‘ldoshlarimiz bo‘ladi. Buning natijasida hayot birdaniga keskin o‘zgaradi. Sababi oddiy- televideniyadagi uzatishlar, internet tezligi oshadi. Bu sohada qator ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Albatta, qilinadigan ishlardan eng kattasi – aerokosmik tadqiqotlar o‘tkaziladigan alohida institutlar shakllantiriladi», deya aytib o‘tgan vazir.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Umarovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, «O‘zbekkosmos» agentligini tashkil etish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan.

«Avvalo, oldimizda turgan vazifalardan biri – kosmik tadqiqotlar sohasida huquqiy normativ-hujjatlar, milliy qonunchilik bazasini shakllantirib, uni boyitishimiz zarur. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda katta tajribaga ega bo‘lgan xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning tajribasi, kamchilik va yutuqlarini o‘rganib chiqish kerak. Ana shundan so‘ng, kosmik agentlikni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlari ishlab chiqiladi. Agentlikning asosiy vazifa va vakolatlari, uning faoliyati belgilab beriladi. Eng asosiy masala esa shu sohaga kadrlar tayyorlash bo‘lib qoladi», deydi vazir o‘rinbosari.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, kosmik sohadagi eng katta yangilik joriy yil so‘ngida e'lon qilinishi kutilmoqda. Aynan qish kunlariga borib, agentlikni tashkil etish, xorijiy hamkorlar masalasiga oydinlik kiritiladi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid