O‘zbekiston | 09:20 / 19.05.2018
17101
3 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov va Jahongir Ortiqxo‘jayev Uchtepa tumaniga borishdi 

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-mayor P.Bobojonov va Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev aholi bilan muloqot qilish maqsadida Uchtepa tumanidagi “Ko‘kcha-Oqtepa” mahallasiga tashrif buyurdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qilmoqda.

Foto: IIV axborot xizmati

Ochiq tarzdagi muloqot tuman hududida yashovchi fuqarolar uchun ushbu mahallada joylashgan 6-sonli Ichki ishlar bo‘limida o‘tkazildi. Uchrashuvda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i general-mayor R.Jo‘rayev, shahar prokurori adliya katta maslahatchisi Sh.Obloqulov, sektorlar rahbarlari bo‘lgan tuman hokimi, prokurori, Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va Davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari, boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida aholi vakillari tomonidan shaxsiy va ko‘pchilik aholini tashvishga solayotgan masalalarga doir muammolar ko‘tarildi. Muloqot jarayonida aksariyat murojaatlar joyida hal etilib, qo‘shimcha o‘rganishni talab qilgan masalalarni qisqa muddatlarda, to‘liq va qonuniy hal etish bo‘yicha shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev va ichki ishlar vaziri P.Bobojonov tegishli idora rahbarlariga topshiriqlar berib, ijrosi nazoratga olindi.

Shuningdek, ushbu kun vazir va shahar hokimi 6-sonli Ichki ishlar bo‘limi faoliyati bilan tanishdilar hamda hududda xavfsizlikni ta'minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, faoliyatni jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda tashkil etish, aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni o‘z muddatida va har tomonlama ko‘rib chiqib hal etish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Foto: IIV axborot xizmati

Shundan so‘ng, tumandagi ijtimoiy obektlarning ahvoli bilan tanishish, ularda mavjud muammolarni hal etish maqsadida, 492-sonli maktabgacha ta'lim muassasasiga tashrif buyurildi. Bolalar bog‘chasidagi sharoitlar bilan tanishish davomida muassasa binosini zamon talablariga mos ravishda ta'mirlash bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Po‘lat Bobojonov va Jahongir Ortiqxo‘jayev Olmazor hamda Shayxontohur tumani aholisi bilan uchrashgani xabar qilingandi. 

Mavzuga oid