19:20 / 22.05.2018
33819

Sud Diana Yenikeyeva ishi bo‘yicha chiqarilgan hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi

Foto: Samarqand viloyati sudi

Bugun, 22 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tuman sudining o‘qituvchi Diana Yanikeyeva o‘limi holati bo‘yicha 2018 yil 1 mayda chiqarilgan hukmidan norozi bo‘lib, sudlanuvchi Akrom Elmurodov va uning himoyachisi tomonidan apellyatsiya tartibida keltirgan shikoyati asosida jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining Facebook tarmog‘idagi rasmiy sahifasida xabar berilgan.

1 maydagi hukmga asosan sudlanuvchi Akromjon Bozorovich Elmurodov O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sudlanuvchi A.Elmurodovdan jabrlanuvchi A.Yenikeyev foydasiga 19,8 mln so‘m moddiy hamda 25 mln so‘m ma'naviy zarar undirilishi belgilangandi.

Sud majlisida sudlanuvchi va uning himoyachisi tayinlangan jazoni yengillashtirib, uni qamoqdan ozod qilishni va moddiy hamda ma'naviy zarar hajmini kamaytirishni so‘rashdi, o‘z navbatida prokuror va jabrlanuvchi A.Yenikeyev sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirishni so‘rashdi.

Sud hay'ati, taraflarning fikrlarini tinglab, shikoyatdagi vajlarni jinoyat ishi materiallari asosida atroflicha o‘rganib chiqib, sudlanuvchi va uning himoyachisining vajlari sud hukmini o‘zgartirish yoki bekor qilishga asos bo‘laolmasligi sababli, sud hukmini o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi.

Sud hukmi 2018 yil 22 may kuni qonuniy kuchga kirdi.

Top