O‘zbekiston | 22:40 / 30.05.2018
6040
3 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatiga Qozog‘iston elchisi keldi

Jizzax viloyat hokimligiga Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Yerik Utembayev va ushbu diplomatik missiyaning ikkinchi kotibi Ruslan Rustambekovlar tashrif buyurishdi. Bu haqda Jizzax viloyat hokimligi Axborot xizmati KUN.UZ'ga xabar bermoqda.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati

Mehmonlarni viloyat hokimi Ergash Saliyev kutib oldi. Iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, Qozog‘iston vakillarini viloyatdagi korxonalar, tadbirkorlik sub'yektlari hamda turizm infratuzilmasi bilan tanishtirish maqsad qilingan ushbu uchrashuv avvalida viloyatning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini ifodalovchi taqdimot uyushtirildi.

Jumladan, viloyatning sement, akkumulyator, bazalt tolasi, armatura, kalava ip, kiyim-kechaklar ishlab chiqarish korxonalari, paxtachilik, meva va sabzavotchilik sohalarining imkoniyatlari, Zomin, Baxmal tumanlari hamda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha ma'lumotlar berildi. Viloyatda barpo etilayotgan neftni qayta ishlash hamda Uzbekistan Peugeot Citroen Avtomotive avtomobil zavodlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, “Jizzax” va “Zominfarm” erkin iqtisodiy zonalari, ishlab chiqaruvchi va investorlar uchun soliq, boj va boshqa to‘lovlar borasida O‘zbekistonda yuzaga keltirilgan yengilliklar hamda viloyatda klaster usulida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy tadbirkorlik sub'yektlari to‘g‘risida fikr yuritildi. Ayni vaqtda yana uchta chet el kompaniya va firmasining bu boradagi tijoriy taklif va loyihalari o‘rganib chiqilayotganligini bildirdi.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, Forish tumani hududida 20 ming gektar maydonni o‘zlashtirish imkonini beruvchi “Karaman” suv ombori qurilishiga to‘xtalib o‘tildi. Ma'lum qilinishicha, jadallik bilan kavlanayotgan suv omborini ta'minlovchi kanalning 90 foizi qazib bo‘lingan. “Karaman” sabab o‘zlashtirilgan yerlarda qand lavlagi yetishtirish va bu joyda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Viloyat hokimi Qozog‘iston vakillariga barcha sohalarda hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Jizzax shahri hokimi Akbar Shukurov viloyatda xalqaro logistika markazini ochish bo‘yicha fikrlarini bayon etdi. 

Foto: Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati

O‘z navbatida, Qozog‘iston elchisi qozoq iqtisodiyotida yuz berayotgan yangilik va o‘zgarishlar hamda o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari haqida so‘zladi. Xususan, Ostona, Olmaota, Chimkent va Aqto‘be viloyatlarida uy-joy qurish bo‘yicha yirik loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani bois viloyat sanoati vakillari bilan qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishda hamkorlik qilish, Janubiy Qozog‘istondagi melioratsiya tizimlarini yangilanishi ko‘zda tutilayotgani sabab sug‘orish lotoklarini viloyatdagi korxonalardan olish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Foto: Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmati

 

Mavzuga oid