Jamiyat | 19:32 / 01.06.2018
49588
11 daqiqa o‘qiladi

Fermerligi noqonuniy qaror asosida tugatilgan mushtipar ayol qissasi

Foto: KUN.UZ

Oxirgi 2 yilga yaqin vaqt davomida O‘zbekistonning barcha jabhasida jiddiy islohotlar o‘tkazilmoqda. Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirishga doir prezident va hukumat farmon-qarorlari qabul qilinmoqda. Bundan tashqari respublikadagi iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar va qonunosti hujjatlari mavjud. Bunda barcha tomon, davlat yoxud xususiy korxonami, fuqaromi qat'i nazar mazkur hujjatlar asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi talab etiladi.

Ammo, afsuski, Kun.UZ saytiga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar bo‘yicha o‘rganishlarimiz davomida mavjud qonunlar talablari buzilishi, mahalliy hokimiyat organlari tomonidan rasmiy hujjatlardagi talablarni mensimaslik yo bo‘lmasa ko‘r-ko‘rona ularga amal qilmaslik, chetlab o‘tish holatlariga duch kelmoqdamiz. Ba'zi hollarda, shaxsiy adovat sabab mansabini suiiste'mol qilishlar ham ko‘zga tashlanmoqda.

Ayni shu kabi holatlar natijasida vujudga kelgan tortishuvlarga odilona va xolis baho berishi kerak bo‘lgan idora – sud mahkamalari esa, mavjud dalillar va hujjatlarga barmoq orasidan qaramoqda. Quyidagi maqolada shunday achinarli holat, tadbirkor bir ayol fermerning ayanchli taqdiri haqida so‘z boradi. Qayd etish kerak, mazkur 2012 yildan beri cho‘zilib, uzil-kesil hal bo‘lmayotgan masaladir.

Tahririyatimizga Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi sobiq “Zebo Sitora” fermer xo‘jaligi boshqaruvchisi Dilorom Zayniyeva murojaat qildi. Biz muammoni joyida o‘rganish maqsadida Surxon vohasiga safar qildik. Dastavval, Dilorom opa bilan uchrashib, uning muammosi nimadan iborat ekaniga qiziqamiz.

Uning aytishicha, dastavval u 1999 yilda tashkil etilgan “Bekmurod” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi bo‘lgan. So‘ngra, 2012 yil boshida tuman hokimiyatidagilarning so‘zlariga ko‘ra, fermer xo‘jaligini singlisining nomiga qayta tashkil etgan, 2012 yil 25 fevralda tuman hokimining “Zebo-Setora” nomli fermer xo‘jaligiga S.Sattorov SIU hududidan jami 56,6 gektar yer maydoni 30 yil muddatga ijaraga berilishi bo‘yicha 153-sonli qarori chiqqan.

“Noqonuniy olib qo‘ydi, deb aytishimning asl sababi shundaki, 1999 yildan otam tashkil etgan “Bekmurod” fermer xo‘jaligini o‘zimga qayta rasmiylashtirib, boshqarib kelar edim. Oradan 13 yil o‘tgach, ya'ni 2012 yili Muzrabot tumanining o‘sha vaqtdagi hokimi Azamat Xo‘jamqulov suv chiqargan joyimga 24 gektariga g‘alla, 20 gektariga paxta ekkanimga qaramay, tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i Siroj Davlatovning 2012 yil 14 apreldagi taqdimnomasi va chigit ekishga rejalashtirilgan yer maydonlarini monitoringdan o‘tkazish guruhining 2012 yil 14 apreldagi soxta dalolatnomasiga binoan tuman hokimi 2012 yil 24 aprelida 276-sonli qarorini qabul qilgan. Bunda “Zebo-Sitora” fermer xo‘jaligining “Muzrabotpaxta” OAJ va “Surxondaryo don mahsulotlari” OAJ bilan shartnomalari mavjudligiga e'tibor qaratishmadi”, - deydi D.Zayniyeva.

Zayniyevaning aytishicha, tuman kadastr bo‘limi boshlig‘i S.Davlatov uning sobiq turmush o‘rtog‘i bo‘lib, shaxsiy adovati yo‘lida mansabidan foydalangan. Yer olib qo‘yilgach, 24 gektar yerdagi pishgan g‘alla talon-taroj qilingan, chunki “Zebo-Sitora” fermer xo‘jaligi tugatilgach, go‘yoki uning shartnomalari ham bekor bo‘lgan hisoblangan, uning hududi boshqa fermerga qo‘shib berilgani, u esa bu hududdan g‘alla va paxta topshirish shartnomasi bo‘lmagani sababli mazkur yerlarga ekilgan ekinlar talon-toroj qilingan. Buni bizga taqdim qilingan videolavhalar ham tasdiqlaydi.

Shu o‘rinda yana bir jihatga e'tibor qaratishni istar edik. Bir vaqtlar bo‘z va sho‘r yer hisoblangan salkam 57 gektar yer fermerlar o‘rtasida qo‘lma-qo‘l bo‘lgan. Muzrabot tumani hokimi 13 yil mobaynida bir kishi tomonidan foydalanib kelingan, qolaversa Muzrabot Zang kanalidan suv chiqarilgan yerni fermerlarga ijaraga berish bo‘yicha 2012 yil 24 mayidan 2015 yil 27 dekabrga qadar 4 marta qaror chiqargan.

D.Zayniyevaning so‘zlariga ko‘ra, shu hududdagi dala shiyponi o‘rnida o‘tgan asrning 80-yillarida tepaliklar va unumsiz bo‘z, sho‘r yerlar bo‘lgan. Uning otasi Bekmurod Zayniyev ayni shu yerlarni o‘z kuchi va mablag‘i bilan o‘zlashtirgan hamda obodonlashtirgan. Tashlandiq va qarovsiz holdagi yerga Zang kanalidan suv chiqarilganini Muzrabot tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limining 2017 yil 11 apreldagi 111-sonli ma'lumotnomasi ham tasdiqlaydi.

Keyinchalik ish sud mahkamalarida davom etgan va Surxondaryo viloyati xo‘jalik sudi ishni ko‘rib chiqib, 2012 yil 12 oktabrda Muzrabot tuman hokimining 2012 yil 24 apreldagi 276-son qarorini haqiqiy emas, deb topgan. Ammo, viloyat prokurori hal qiluv qaroriga bir yoqlama yondashib, masalaning mohiyatiga, ya'ni muammoning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan jihatga e'tibor qaratish o‘rniga, bu sud ishi fuqarolik sudloviga tegishli, degan protest kiritgan.

Shundan so‘ng, «Zebo-Sitora» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi D.Zayniyeva fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritgan. 2013 yil 26 fevralda sudya A.Norboyev ishni yetarli darajada jiddiy o‘rganmasa-da, da'vogar foydasiga xulosa qilib, hokimning aynan 276-qarorini haqiqiy emas, deb topgan.

Afsuski, ish shu bilan yakuniga yetmagan. Sudya Norboyev 2013 yil 6 aprelida noma'lum sabablarga ko‘ra, garchi ishda yangi holatlar aniqlanmagan bo‘lsa-da, o‘zining 26 fevraldagi hal qiluv qarorini bekor qilib, hokimlik foydasiga xulosa qilgan. Keyinroq, Qashqadaryo viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi ham masalaga bir tomonlama yondashgan. Bunday deyishga asos shuki, mazkur sud mahkamasi tuman hokimiga asos bo‘lgan dalolatnoma va taqdimnomalar noqonuniy tuzilgani, shunga binoan hokim qarori ham asossiz ekani, qolaversa, “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonun va Yer kodeksi talablari buzilganiga e'tibor qaratmagan.

Biz masalani bir tomonlama o‘rganishdan yiroq bo‘lish maqsadida Muzrabot tuman hokimligiga borib, tuman huquqshunosi Hamid Eshmurodov bilan uchrashdik hamda tuman kadastr bo‘limi xodimi hamrohligida “Zebo-Sitora” fermer xo‘jaligi o‘rnida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarida ish qanday tashkil etilganiga qiziqdik.

Toshkentga qaytganimizdan so‘ng, masalaning mohiyatini chuqurroq tushunish va muammoning negizi qayerda ekaniga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov bilan uchrashdik.

Chorixon Qodirov ushbu muammoni jiddiy o‘rganib chiqqani, barcha jarayonlardan xabari borligini aytar ekan, bugungi kunda sud mahkamasini qayta tiklash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudiga iltimosnoma kiritilgani va endilikda masalaga Oliy Sud uzil-kesil nuqta qo‘yishini ta'kidladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov

Ch.Qodirovning fikricha, “Zebo-Sitora” fermer xo‘jaligining tugatilishida quyidagi noqonuniy holatlar ro‘y bergan.

  1. Dalolatnoma tuzilishining o‘zi noqonuniy amalga oshirilgan.

     a) fermer ishtirok etmagan

     b) dalolatnomaga qo‘shilgan fotosuratlar joyi, vaqti noma'lum

     v) ushbu fotosuratlarda fermer va dalolatnomaga imzo chekuvchilardan biror kishi      

        bo‘lsin aks etmagan

     g) xolis kishilar ishtiroki ta'minlanmagan

     d) dalolatnomada qayd etilgan va ijara asosida dehqonchilik qilgani aytilgan    

         fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilmagan va hakozo.

  1. Ayni shu noqonuniy dalolatnoma asosida tuman hokimining 276-sonli qarori qabul qilingan. Vaholanki, fermer xo‘jaligining noqonuniy xatti-harakatlari tasdig‘ini topgan taqdirda ham barcha hujjatlar to‘planib, sudga topshirilishi, sud mahkamasining hal qiluv qarori bilan fermer xo‘jaligi tugatilishi kerak edi.
  2. Fermerning da'vo arizasi dastlabki ikki sud majlisida qanoatlantirilgan bo‘lsa-da, viloyat prokurori sud ishiga asos bo‘lgan jihatga e'tibor qaratmagan. Shunchaki, ishni fuqarolik sudi ko‘rib chiqishi kerakligini bildirgan. Prokuror bu yerda hujjatlarni qalbakilashtirish holatini ko‘rib, u bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishi lozim edi.
  3. Keyingi 2 instansiya sudlari esa, masalaga yuzaki yondashib, dalolatnoma noto‘g‘ri tuzilgani, ayni shu noto‘g‘ri dalolatnoma asosida hokim qaror qabul qilgani, aslida hokim o‘z qarorini o‘zi mustaqil ravishda bekor qila olmasligi, sud qaroriga binoan bekor qilishi mumkinligiga e'tibor berishmagan. Shu bilan mazkur ikki instansiya noqonuniy qarorni qo‘llab-quvvatlagan.

Shu boisdan ham fermer xo‘jaligining noqonuniy tugatilishi bilan bog‘liq muammo bugungi kungacha davom etib kelmoqda. Tez orada, Oliy Sud ushbu masalada o‘z fikrini aytishi kerak. Bundan tashqari dalolatnoma va taqdimnoma, shuningdek hokim qarori yuzasidan mutasaddi idoralar ham xulosa beradi, deb ishonch bildiramiz. Shundan so‘ng, KUN.UZ bu masalaning yechimi qanday yakunlanganiga yana qaytadi.

Mavzuga oid