O‘zbekiston | 15:34 / 13.06.2018
14274
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar endi bepul to‘garaklarda kasb o‘rganishi mumkin

Yoshlarning turli sohadagi savodxonligini oshirishga ko‘maklashish, kasb-hunarga o‘rgatish, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishiga ko‘maklashish Respublika Yoshlar markazining asosiy maqsadlaridan biridir.

O‘zbekistonning turli hududlaridagi yoshlar ushbu markazlardagi chet tili (ingliz, rus, koreys) kurslari, ijodiy yo‘nalishlar, kasb-hunarga o‘rgatish kabi 54 xildagi to‘garaklarga bepul qatnashishi mumkin. Tashkil etilgan har bir guruhda 20 nafar yoshlar bo‘lib, dars mashg‘ulotlari malakali hamda saviyasi yuqori bo‘lgan to‘garak rahbarlari tomonidan olib boriladi.

Foto: Respublika Yoshlar markazi

Respublika yoshlarining talab va istaklaridan kelib chiqib tashkil etilgan to‘garaklarda 170 ming nafardan ortiq yoshlar darslarga qatnashib kelmoqda. Mazkur to‘garaklar o‘ndan ortiq Mehribonlik uylarida ham tashkil etilgan.

Foto: Respublika Yoshlar markazi

To‘garaklarga qatnashishni istagan 10 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lganlar o‘zi istiqomat qilayotgan hududdagi «Yoshlar markazi»dagi to‘garaklarga a'zo bo‘lishi hamda mutlaqo bepul tarzda ilm, kasb-hunar o‘rganishlari hamda sport bilan shug‘ullanishlari mumkin. Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar uchun hududiy bo‘linmalarda sayyor to‘garaklar ham tashkil etilgan. To‘garakdagi dars mashg‘ulotlari har kuni 9:00 dan 18:00 gacha davom etadi.

Foto: Respublika Yoshlar markazi

Respublika yoshlar markazi iqtidorli bolalarni aniqlash, ularning iste'dodi va mahoratini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratish, ma'naviy saviyasini yuksaltirish, san'at va go‘zallikka bo‘lgan intilishlarini kuchaytirish, milliy san'at an'analari va yo‘nalishlarini saqlab qolish hamda rivojlantirish maqsadida Respublika yoshlar markazi hududiy bo‘linmalarida tashkil etilgan «Tasviriy san'at» to‘garaklari a'zolari o‘rtasida «Yurtim yoshlari hayoti» nomli Respublika ko‘rik tanlovi tashkil etildi. Ko‘rik-tanlovning tuman (shahar), viloyatlarida o‘z ijodiy namunalari bilan g‘olib bo‘lgan 28 nafar yosh rassomlar 2018 yil 18 iyunda «Yoshlar ijod saroyi»da final bosqichida ishtirok etishadi.

Foto: Respublika Yoshlar markazi

Respublika bosqichi g‘oliblariga birinchi o‘rin uchun planshet, ikkinchi o‘rin uchun tasviriy san'at anjomlari, uchinchi o‘rin uchun san'at asari hamda qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi. Shu bilan birga sertifikat bilan ham taqdirlanadi. Ularning ijodiy faoliyati doimiy qo‘llab-quvvatlanadi hamda eng yaxshi ijodiy ishlarning ko‘rgazmalari tashkil etiladi.

Respublika yoshlar markazi rasmiy sayti: uzrym.uz

Ishonch telefoni: (+99899) 863-41-07.

Mavzuga oid