Jahon | 07:37 / 13.06.2018
9997
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Kim Chen In bir-birining taklifiga rozi bo‘lgan

Foto: Evan Vucci/AP

AQSh prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In o‘zaro tashrif haqidagi taklifni qabul qilishgan. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar bermoqda.

«Hurmatli oliy rahbar [Kim Chen In] prezident Trampni Pxenyanga qulay vaqtda kelishga taklif etdi hamda prezident Tramp ham Davlat kengashi raisi Kim Chen Inni AQShga tashrif buyurishga taklif qildi», - deyiladi agentlik xabarida.

Ta'kidlanishicha, mamlakatlar yetakchilari takliflarni «mamnuniyat bilan qabul qilishgan», sababi, ularning fikricha, bu tashriflar Vashington va Pxenyan munosabatlarini sog‘lomlashtirishga yordam beradi.

Shuningdek, agentlikdan ta'kidlashlaricha, AQSh va KXDRning Singapurdagi sammiti «buyuk» voqea bo‘ldi, u jahon hamjamiyatining «iliq qo‘llab-quvvatlovi» bilan o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Kim Chen Inga iPad’da KXDR kelajagini ko‘rsatgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid