Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada Global Media Forum bo‘lib o‘tdi
2018 yil 11-13 iyun kunlari Germaniyaning Bonn shahrida Deutsche Welle (Nemis to‘lqini) teleradiokompaniyasi tashabbusi bilan Global media forum (Global Media Forum) bo‘lib o‘tdi. 11-marotaba o‘tkazilayotgan anjuman jurnalistika, raqamli media, siyosat, biznes, fuqarolik jamiyati va akademiyalar orasidan obro‘li va qaror qabul qilishda ta'sir ko‘rsata oladigan shaxslar bir joyda to‘planadigan yagona xalqaro maydondir. KUN.UZ muxbiri ham ishtirok etgan Xalqaro media forum Global inequalities – Global notenglik deb nomlandi va juda yuqori saviyada tashkil etildi.



Unda siyosatchilar, ekspertlar, tahlilchilar va jurnalistika sohasining ustalari qatnashib, tadbir ishtirokchilari bilan o‘z fikrlari, g‘oyalarini o‘rtoqlashishdi. Xususan, forumda BMT Inson huquqlari kengashining din va e'tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid, Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay, Yevropa komissiyasi Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha mulozimi Mariya Gabriel, Germaniya tashqi ishlar vazirligi yuqori lavozimli vakili Mishel Muntefering kabi siyosatchilar ishtirok etdi. Bu yil tashkil etilganining 65 yilligini nishonlayotgan Deutsche Welle bosh direktori Peter Limburg kirish so‘zi bilan anjumanni boshlab berdi. Bundan tashqari, Germaniyaning Afg‘oniston va Pokistondagi maxsus vakili Markus Pottsel ham ekspert sifatida qatnashdi.





Anjumanning ikkinchi kuni BMT Inson huquqlari kengashining din va e'tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid Deutsche Welle bosh redaktoriga intervyu berdi va tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob qaytardi. Shundan so‘ng, forumning yuqori minbaridan Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay mamlakatida va jahonda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar yuzasidan fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.




U nutqining yakunida 7 mlrdlik insoniyat 200dan ortiq xonada istiqomat qilayotgan bir oila a'zolari ekanini ta'kidlar ekan, turli chaqiriqlar va muammolarga qarshi birgalikda kurashish lozimligini ta'kidladi.


Umuman 3 kunlik tadbir doirasida 83ta sessiya o‘tkazildi, 150dan ortiq mamlakatdan kelgan ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha muhokamalarda qatnashishdi. 12 iyun kuni “Freedom of Speech Award 2018” mukofoti topshirildi. Bu yilgi sovrin Eronning Tehron universiteti, siyosiy fanlar professori Sodiq Zibaqalamga taqdim etildi.
Aytish mumkinki, forum turli media sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun aloqalar va yangi hamkorlarni topishda o‘ziga xos maydon bo‘ldi. Qolaversa, turli mavzular bo‘yicha ekspertlar fikrlari bilan tanishish imkoniyati taqdim etilishi jihatidan foydali bo‘ldi.
Mavzuga oid
18:47 / 14.06.2026
Germaniya prezidenti O‘zbekistonga keladi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026