Jahon | 09:23 / 05.07.2018
11913
2 daqiqa o‘qiladi

Eron neft eksporti uchun Ormuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qildi

Foto: Fotolia / keller

Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi boshqa davlatlarga neft eksporti uchun Ormuz bo‘g‘ozini yopishga tayyor. Bu haqda korpus vakili Ismoil Kovsariy ma'lum qildi. 

“Agar Eron nefti eksporti ushlab turilsa, biz Ormuz bo‘g‘ozi orqali boshqa davlatlarga neft olib chiqilishiga yo‘l bermaymiz”, deb aytgan Kovsariy YJC agentligiga va ushbu hudud orqali dunyo neftining 20 foizi o‘tishini ta'kidlab o‘tgan.

O‘tgan haftada AQSh davlat departamenti vakili Vashington ittifoqdoshlarini noyabrgacha Erondan neft olishni to‘liq to‘xtatishga ko‘ndirib ko‘rishini aytgan. Uning aytishicha, bunday muhokamalar boshqa davlatlar, jumladan Xitoy bilan olib borilmoqda.

3 iyulda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQShning Eron nefti eksportini to‘xtatishga intilishini “amalga oshirib bo‘lmas”, deb hisoblashini aytgan. 

“Fikrimcha, ba'zi amerikalik amaldorlarning Eron nefti eksportini to‘liq to‘xtatish istagi hech qachon amalga oshmaydigan safsatadir”, deb aytgan Ruhoniy.

Ruhoniy Eronda neftni zarur miqdorda sotishga imkon beruvchi dastur borligini aytgan. Eron prezidenti AQShning bu sohadagi faoliyati bir tomonlama xarakterga egaligini hamda energetika va savdo sohasidagi xalqaro me'yorlarni buzishini aytgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid