O‘zbekiston | 14:10 / 06.07.2018
44611
2 daqiqa o‘qiladi

Deputat Kattaqo‘rg‘on shahri rahbariyatidan iste'fo talab qildi

Foto: Xalqaro press-klub

«Adolat» partiyasi vakili, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev Kattaqo‘rg‘onda yuz bergan voqeaga keskin munosabat bildirdi. Uning fikricha shahar rahbarlari iste'fo berishi — «eng oqilona yo‘l» bo‘ladi.

«Iste'fo berish — shahar rahbarlari uchun eng oqilona yo‘l! Kattaqo‘rg‘on shahridagi mudhish hodisa faqat bir kishining aybi bilan sodir bo‘lmagan. Bunga shahardagi butun boshli tizim aybdor! Shunday vaziyatda shahar IIB boshlig‘i va shahar prokurori hamma aybni o‘z zimmalariga olib, iste'fo bersa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Nima uchun deysizmi? Shahar ahlining ishonchini oqlamaganliklari uchun; davlatimizning hozirgi siyosati mazmun-mohiyatini xodimlarga tushuntirib berolmaganliklari va ular ustidan nazoratni qo‘ldan boy berganliklari uchun; Prezidentimizning topshiriqlari so‘zsiz bajarilishini ta'minlab bermaganliklari uchun; eng yomoni — millatimiz kelajagi bo‘lmish ayol zotining tahqirlanishiga yo‘l qo‘yib berganliklari uchun!», deya yozgan deputat feysbukdagi sahifasida.

Bundan oldinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining boshqa bir deputati Rasul Kusherbayev voqeaga munosabat bildirgandi: ​«Ular o‘g‘ri deb gumon qilingan ayolni emas, butun boshli millatni, xalqni, davlatni yechintiribdilar. Qonunlarimizni, orimizni, erkak degan nomimizni oyoqosti qilibdilar».

Mavzuga oid