Iqtisodiyot | 11:46 / 12.07.2018
18985
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatida yirik gaz koni ishga tushirildi

Foto: UzA

«Gazlineftgazqazish» MChJ «Shimoliy Suzma» yangi koni va Buxoro viloyatida yangi Gazli gaz quvurini ishga tushirdi.

Yarim yil muqaddam «Shimoliy Suzma» konini ochish ustida ishlar boshlangan edi, bugunga kelib gaz koni ishga tushirildi. O‘tgan davr ichida «Gazlineftgazqazish» mutaxassislari yettita gaz qudug‘ini burg‘ulashga muvaffaq bo‘lishdi. U yerda «zangori olov» ortiqcha tarkibiy qismlardan xalos bo‘lish uchun «Uchqir» oltingugurtdan tozalash qurilmasiga jo‘natiladi.

«2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish Dasturiga muvofiq, «Gazlineftgazqazish» tomonidan 6 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan, — deydi mazkur tashkilot  rahbari Abdulla Majidov. — Ulardan bugungi kunda ikkitasini amalga oshirdik. Bular «Shimoliy Suzma» konida skvajinalar qazish va ishga tushirish» hamda «Uchqir» oltingugurtdan tozalash qurilmasidan «Gazli» yer osti gaz saqlash omborigacha gaz o‘tkazish quvurini barpo etish».

Ko‘rsatib o‘tilgan loyihalarni sanoat ekspluatatsiyasiga aylantirish doirasida gaz koni va yangi gaz quvuri ishga tushirildi. Ishlarni yuqori darajada tashkil etish uchun 500 dan ortiq ishchi va mutaxassis, shuningdek, zamonaviy texnikalar jalb qilindi. Barcha loyihalar amalga oshirilgach, 117 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Qayd etmoq joizki, diametri 1020 mm bo‘lgan hamda «Uchqir» oltingugurtdan tozalash qurilmasidan «O‘ztransgaz» magistral gaz o‘tkazish quvurlarigacha bo‘lgan quvurning uzunligi 46,3 kilometrga teng. «Shimoliy Suzma» konining ishga tushirilishi va yangi gaz o‘tkazish quvuri yotqizilishi bilan bir sutkada qazib olinayotgan va yetkazib berilayotgan gaz hajmi 1,5 million metr kubga yetdi.

Mavzuga oid