AQSh Rossiya razvedka boshqarmasining 12 xodimini xakerlik hujumlarida ayblamoqda
AQSh adliya vazirligi Rossiya razvedka bosh boshqarmasining 12 xodimini milliy demokratik qo‘mita, AQSh demokratik partiyasining kongressga saylovlar bo‘yicha qo‘mitasi, prezidentlikka nomzod Xillari Klintonning saylov shtabi serverlarini buzib kirishdi va xakerlardan olingan ma'lumotlarni e'lon qilishda aybladi. Bu haqda VVS xabar bermoqda.
Maxsus prokuror Robert Myullerning vakillari e'lon qilgan hisobotda barcha ayblanuvchilarning ism-shariflari keltirilgan bo‘lib, ular razvedka bosh boshqarmasining 26165 va 74455 qismlari ofitserlari bo‘lishgan.
Serverlarni qanday buzishgan
Adliya vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda razvedka boshqarmasi vakillari Klinton shtabi ko‘ngillilari va xodimlari, shuningdek saylov kampaniyasi rahbarining kompyuterlarini buzib kirish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlashgan.
Rossiya maxsus xizmati vakillari shtabning ko‘plab xodimlarining ismlari va parollariga ega bo‘lishgan hamda ularning elektron pochtalaridagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritishga erishishgan. Ular milliy demokratik qo‘mita va AQSh demokratik partiyasining kongressga saylovlar bo‘yicha qo‘mitasining ichki kompyuter tarmog‘ini buza olishgan.
Rossiyalik razvedkachilar o‘nlab xodimlarning kompyuterlarini masofadan turib kuzatish va ulardagi hujjat va elektron maktublarni o‘qish imkonini qo‘lga kiritishgan.
Qanday chop etishgan
Razvedka bosh boshqarmasining har ikki qismi vakillari 2016 yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasiga ta'sir ko‘rsatish maqsadida o‘g‘irlangan hujjatlarni chop etish bilan ham shug‘ullanishgan, deyiladi hisobotda.
Ular DCLeaks.com domenini ro‘yxatdan o‘tkazishgan va o‘g‘irlangan hujjatlarni mana shu resurs orqali e'lon qilib borishgan. Ular o‘zlarini "amerikalik xaker-faollar" deb atashgan va resursni tanitish uchun "Tvitter" va "Feysbuk"da soxta profillardan foydalanishgan.
Ayblov ma'lumotlariga ko‘ra, rossiyalik razvedkachi xakerlar saylovlar bo‘yicha shtatlar qo‘mitalari, shtatlar kotiblari, saylovlar uchun dastur ishlab chiqaruvchi kompaniyalar komyuterlariga ham kirishning uddasidan chiqishgan.
Qo‘lga tushmaslik va fosh bo‘lmaslik uchun razvedka boshqarmasi xodimlari soxta hujjatlardan foydalanib o‘zlarini turli mamlakatlar fuqarolari deb tanishtirishgan. Ular kriptovalyutalar yordamida to‘lovlarni amalga oshirishgan, bitkoin yig‘ishgan, shu tarzda mablag‘larning kelib chiqish manbasini yashirishgan.
Ular 11 band bo‘yicha ayblanmoqda. Ayblanayotganlarning asosiy maqsadi 2016 yilgi Amerikadagi saylovlarga aralashish bo‘lgan.
Amerikaliklar aloqador emas
Ayblovlarning yettita bandi sakkiz nafar amerikalikning kompyuteridan shaxsiy ma'lumotlarni o‘g‘irlashga oid.
Razvedkachilar 95 ming dollarga yaqin mablag‘ni “yuvish”da ayblanmoqda – ular serverlar va IT sohasidagi xizmatlar uchun ana shu pullarni to‘lashgan. Yana bir ayblov saylovlar bo‘yicha shtatlar qo‘mitalari, shtatlar kotiblari, Amerika kompaniyalari komyuterlariga buzib kirishga urinish orqali AQShga qarshi jinoyat sodir etish ayblovidir.
Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, bu operatsiyada hech bir amerikalik bilib turib ishtirok etmagan. Ayblovda rossiyaliklarning xatti-harakatlari ovozlarni hisoblashga yoki saylov natijalariga ta'sir ko‘rsatgan-ko‘rsatmaganligi aytilmagan.
Mavzuga oid
15:56
Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasida ishga olmoqchi
14:18
Rossiya o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarish sohasida ishga olmoqchi
14:15
«PostRossiya davlatlari forumi» RFda terroristik deb tan olindi
09:59