O‘zbekiston | 15:54 / 14.07.2018
7759
3 daqiqa o‘qiladi

Savdo-sanoat palatasi jinoyat ishlarida tadbirkorlik sub'yektlarini himoya qiladi

13 iyul kuni “Poytaxt biznes markazi”da Adliya vazirligi tomonidan “Adliya axboroti” nomli navbatdagi brifing o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu brifingda ta'kidlangan alohida jihatlar haqida qisqacha bayon etsak. 

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva tomonidan hafta davomida qabul qilingan muhim normativ hujjatlar haqida qisqacha ma'lumotlar berildi.

Brifingda bu haftada qabul qilingan Qonunlar va qonunosti hujjatlari tanishtirildi. 

Ushbu qonun hujjatlari asosida qonunchilikka kiritlgan o‘zgartirishlar haqida qisqacha keltirib o‘tsak:

-  Savdo-sanoat palatasiga jinoyat ishlarida tadbirkorlik sub'yektlarini himoya qilish huquqi berildi;
-  Har bir davlat tashkiloti huzurida, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar huzurida jamoatchilik kengashlari tuziladi;
-  Jamoatchilik kengashlari davlat organi rahbarining qaroriga asosan tuzilib, unga mehnat faxriylari, obro‘li fuqarolar, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari qabul qilinadi;
-  Xorij fuqarolari uchun e-visa lar joriy etildi;
-  Daryo va suv havzalaridagi qum-shag‘allarni qazish maqsadida “Xavfsiz daryo” Davlat unitar korxonasi tashkil etildi;
-  “Suv xo‘jaligi a'lochisi” ko‘krak nishoni joriy etildi;
-  5 iyulda hukumat qarori asosida Soya yetishtiruvchilar uyushmasi tashkil etildi.

Brifingdan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida valyuta ayirboshlash operatsiyalari qonunchiligi masalasida Markaziy bank Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi boshqarmasi direktori Bobur Abubakirov bilan jurnalistlar o‘rtasida savol-javob tarzida suhbat o‘tkazildi. 

Suhbat davomida ma'lum bo‘ldiki, 29 iyun kuni Markaziy bank boshqaruv tomonidan tasdiqlangan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini tartibga soluvchi Nizom qabul qilindi. 

Shuningdek, Markaziy bank vakilining keltirishicha, Prezident qarori asosida 1000 dan ortiq oddiy bankomat va 200 dan ortiq valyutaga ixtisoslashgan bankomat o‘rnatilmoqda. Bu ixtisoslashgan bankomatning xususiyati xorijiy valyutani yoki kartochkadagi valyuta summalarini bankka bormay uning o‘zidan almashtirish mumkin.

Markaziy bank vakilining so‘zlariga ko‘ra, aynan valyuta masalasida Turizm qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 

Elektron imzo olish uchun Toshkentga kelish shartligi masalasida savollar berildi. Vakilning so‘zlariga ko‘ra, endi elektron imzo olish masalasi viloyatlar kesimida hal etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid