Ekspert: O‘zbekistonda AES qurilishining salbiy oqibatlari bo‘yicha xavotirlar asossiz
O‘zbekistonda Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda quriladigan atom elektr stansiyasi har birining quvvati 1,2 ming megavatt bo‘lgan ikkita energiya blokidan iborat bo‘ladi, bu butun O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 18-20 foizini tashkil etadi, dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadroviy fizika instituti direktori o‘rinbosari Ilhom Sodiqov.
«AES foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga 3,7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Bu esa elektr energiyasi olish uchun uglevodorod xomashyosini yoqish o‘rniga, uni qayta ishlab daromadni bir necha barobarga oshiradigan yuqori qo‘shimcha qiymatli raqobatbardosh mahsulot olish imkoniyati paydo bo‘ladi degani», - deya Sodiqovning so‘zlarini keltirgan «Interfaks-Azerbaydjan».
«Mamlakatda ekologik toza va iqtisodiy manfaatli tinchlik maqsadidagi atom energetikasining yaratilishi energetika resurslariga bo‘lgan ichki ehtiyojning kafolatli ta'minlanishi, uning eksporti oshishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi», - deb ta'kidlagan u.
Ilhom Sodiqov O‘zbekistonda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj yiliga 69 mlrd kVt/soatni tashkil etishini bildirgan. Buncha hajmdagi energiyani olish uchun yiliga 16,5 mlrd kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 mln tonna ko‘mir sarflanadi.
Sodiqovning ta'kidlashicha, «rivojlanish bo‘lgani sari kelgusida bu raqamlar faqat ortib boradi». U 2030 yilga kelib mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj yiliga 117 mlrd kVt/soatga yetishini aytdi.
Olimning fikricha, mana shu hisob-kitoblar mamlakat prezidenti tashabbusi bilan atom energetikasini yaratish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar boshlanishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan. U shu bilan birga atom stansiyalarining xavfli ekanligi va ularning atrof-muhitga salbiy ta'siri haqidagi xavotirlar asossiz ekanligini bildirgan.
«Barcha xavotirlar hech qanday asosga ega emas. Aslida tinchlik maqsadlarida atom energetikasidan foydalanish ham iqtisodiy, ham ekologik nuqtai nazardan juda samarali. Ekologiyaga zarari kamligi bois bejizga uni «yashil energetika» deb atashmaydi, - dedi Sodiqov.
Olim AESning ekologiyaga ta'siri issiqlik yoki gidroelektrostansiyanikiga nisbatan juda kamligini aytdi. U shuningdek, O‘zbekistonda 85 foizga yaqin elektr energiyasi gaz va ko‘mirni yondirish yo‘li bilan olinishini eslatib o‘tdi. Bu foydali qazilmalar zaxirasi yildan-yilga kamayib boradi va tabiiyki, ularning narxi oshadi.
Agar uglevodorod xomashyosi yordamida olinadigan elektr energiyasi tannarxida yoqilg‘i narxi 65-70 foizini tashkil etadigan, yadroviy yoqilg‘i tannarxida uran narxi atigi 4-5 foizni tashkil etadi. Bu narx o‘nlab yillar davomida o‘zgarmasligi mumkin, bu esa energiya tannarxiga ta'sir bo‘lmaydi degani. Shu nuqtai nazardan bugungi kunda AES eng arzon energiya manbai hisoblanadi. Bu energiya IES bilan solishtirganda 1,5-2 marta, quyosh energiyasidan esa 5 baravarga arzon tushadi.
O‘zbekiston «Rosatom» davlat korporatsiyasi bilan atom elektr stansiyasi qurilishi haqida kelishuvga erishgani va AES 2028 yilga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgani xabar qilingandi.
«Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev O‘zbekiston rahbariyatiga asoslanib, respublikadagi birinchi atom elektr stansiyasi Navoiy viloyatida qurilishi mumkinligini ma'lum qilgandi.
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024