Jahon | 14:00 / 20.07.2018
3103
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Skripallarni zaharlagan shaxslar aniqlangani haqidagi xabarni rad etdi

Foto: Unian

Buyuk Britaniya IIV boshlig‘i o‘rinbosari Ben Uolles politsiya Solsberida Rossiya razvedka boshqarmasi (GRU) sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlagan shaxslar aniqlangani haqidagi xabarni rad etdi.

«Bunday ma'lumotlar ustiga «asossiz axborot va chinqiriqli uydirma» deb yozilgan papka ichida turishi kerak, deb o‘ylayman», — deb yozdi u Twitter’da. Uolles Press Association’ning politsiya Skripallarni zaharlaganlarning shaxsi aniqlangani haqidagi xabarga shu tarzda javob qaytardi.

Avvalroq Rossiyaning Londondagi elchisi Buyuk Britaniya hukumatidan agarda gumondorlar bo‘lsa ularning nomlarini aytishni talab qilgandi.

Bungacha Britaniya nashrlarida politsiya Skripallarni zaharlagan shaxslarni aniqlagani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. 

Eslatib o‘tamiz, Sergey Skripal va uning qizi Britaniyaning Solsberi shahrida shu yilning mart oyida behush holda topilgandi. Londonning ma'lumotlariga ko‘ra, ular Sovet ittifoqida ishlab chiqarilgan asabni falajlovchi «Novichok» moddasi bilan zaharlangan hamda bu ishda Rossiyaning qo‘li bo‘lgan. Rasmiy Moskva barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda.

Iyun oyi oxirida esa Solsberiga qo‘shni bo‘lgan Eymsberi shahrida xuddi shunday zaharlanish alomatlari bilan bir erkak va ayol topilgan. Ayol 9 iyul kuni vafot etgan, erkak esa tuzalmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid